Soliq ma’muriyatchiligida yangi tartib, tizimda nimalar o‘zgaradi?
2026-05-26 15:15:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-maydagi “Soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish va soliq maʼmuriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–95-son Farmoni soliq ma’muriyatchiligini yangi bosqichga olib chiqish bilan birga, tizimning kadrlar siyosatini ham transformatsiya qilishni nazarda tutadi.
Xo‘sh, yangi hujjat bilan tizimda qanday amaliy o‘zgarishlar kutilmoqda?
Birinchi: Soliq ma’muriyatchiligi quyi bo‘g‘inga tushiriladi
Farmonning eng asosiy jihatlaridan biri — yirik soliq to‘lovchilardan tashqari barcha subyektlarning soliq hisobi va ma’muriyatchiligi bevosita tuman (shahar) soliq inspeksiyalari darajasiga tushiriladi.
Ushbu jarayon ikki bosqichda amalga oshirilishi belgilangan:
• 2026-yil 1-iyuldan: bozorlar, savdo komplekslari, umumiy ovqatlanish, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi korxonalari, yakka tartibdagi tadbirkorlar (YaTT) va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar;
• 2027-yil 1-yanvardan: qolgan barcha soliq to‘lovchilar.
Bu qadam soliq organlarining ishini bevosita mahallabay tizimi asosida tashkil etish, tadbirkorlarning muammolarini joyida o‘rganish va soliqlarning yig‘iluvchanligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ikkinchi: Meritokratiya tamoyili joriy etiladi
Islohotlarning navbatdagi muhim yo‘nalishi — inson resurslarini boshqarishda xolislik va munosiblik (meritokratiya) tamoyilini joriy etishdir. Soliq qo‘mitasi Boshqaruv samaradorligi agentligi bilan birgalikda 2027-yil 1-yanvardan yangi “HR Capacity Development” kadrlar strategiyasini amaliyotga kiritadi.
Tizimga kiritilayotgan uchta katta yangilik:
Rekrutingni avtomatlashtirish: kadrga bo‘lgan ehtiyojni rejalashtirish va ishga qabul qilish jarayoni to‘liq raqamlashtiriladi, ya’ni inson omili kamaytiriladi.
“Assessment” markazi va KPI: xodimlarning xizmat pillapoyalaridan ko‘tarilishi ularning real natijalari va KPI ko‘rsatkichlari asosida baholanadi.
“ROWE” tizimi: ish jarayoniga natijadorlikka yo‘naltirilgan “ROWE” (faqat yakuniy natijaga asoslangan ish muhiti) tamoyili olib kiriladi.
Shuningdek, soliq sohasida ta’lim, ilm-fan va amaliyotni o‘zaro integratsiyalovchi kadrlar tayyorlash tizimini joriy etish maqsadida Soliq oliy maktabi tashkil etiladi.
Uchinchi: Iqtidorli talabalarni jalb qilish rag‘batlantiriladi
Farmonda tizimga bilimli yoshlarni jalb qilishning mutlaqo yangi iqtisodiy mexanizmi ko‘rsatib o‘tilgan. Endilikda oliy o‘quv yurtlarining 4-kurs talabalari o‘rtasida maxsus tanlov o‘tkaziladi. Saralab olingan eng iqtidorli talabalarning to‘lov-kontrakt mablag‘lari soliq organlarining budjetdan tashqari jamg‘armasi hisobidan to‘lab beriladi va soliq organlariga ishga jalb qilish mexanizmi yaratiladi.
Soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan, alohida tashabbus ko‘rsatgan xodimlar va fidoyi shaxslar uchun esa 2027-yil 1-yanvardan “Soliq xizmati fidoyisi” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.
Mazkur islohotlar soliq tizimini faqat nazorat qiluvchi organ emas, balki quyi bo‘g‘inda tadbirkorlikka ko‘makdosh bo‘luvchi va ochiqlik tamoyillari asosida ishlaydigan zamonaviy tuzilmaga aylantirishni maqsad qilgan.
T.Babajanov
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi mas’ul xodimi
