
Gender tenglik

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat boshqaruvida erkaklar va ayollar o‘rtasida tenglikni taʼminlash borasida jiddiy qadamlar qo‘yildi. Sohaga oid normativ-huquqiy baza takomillashtirildi.
Xususan, gender tengligini taʼminlash bo‘yicha qonunchilik va institutsional negizlarni mustahkamlash yo‘lida muhim choralar ko‘rilib, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yana-da takomillashtirishga qaratilgan 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini xalqaro hamjamiyat eʼtirofi va xalqaro reytinglardagi ijobiy baholar asosida ham tasdiqlashimiz mumkin.
Qayd etish o‘rinliki, davlat fuqarolik xizmatida kadrlar siyosatini yuritish bo‘yicha masʼul organ sifatida – Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan ushbu yo‘nalishda tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Avvalo, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan OCHIQ TANLOVLAR yo‘lga qo‘yilganidan so‘ng amalda barcha uchun bir xil talablar belgilandi, ish beruvchi, kadrlar boshqarmasi vakillari va nomzodlar o‘rtasidagi inson omili cheklandi. Bu albatta, xotin-qizlarning davlat xizmatiga kirish imkoniyatlarini yana-da kengaytirdi.
Raqamlarda fikrimizni asoslaydigan bo‘lsak, avvallari ayollar davlat xizmatiga kirganlarning 5-8 foizini tashkil etgan bo‘lsa, endi tanlov g‘oliblarining qariyb 33 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda.
Aniqroq qilib qayd etsak, bugungi kunga qadar ochiq tanlovlarda 3,7 mln nafar nomzodlardan arizalar kelib tushgan bo‘lsa, shulardan 20 foizini ayollar tashkil etdi. Mazkur tanlovlarda g‘olib bo‘lgan 78 900 nafar fuqarolarimizning 26 300 nafari (33%) xotin-qizlardir. Buni kadrlar siyosatidagi katta yutuqolardan biri sifatida eʼtirof etsak bo‘ladi.
Shuningdek, Agentlik tomonidan respublikamizda rahbarlik lavozimlar uchun shakllantirilgan MILLIY KADRLAR ZAXIRASIda xotin-qizlar salmog‘i o‘tgan yil davomda 2023 yilga nisbatan 2 barobar oshirildi.
Bundan tashqari, Agentlik tomonidan 29 ta respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarida hamda ularning Sirdaryo viloyatidagi 7 ta hududiy boshqarmasida faoliyat olib borayotgan 83 nafar xotin-qizlar uchun sinov tariqasida “MOSLASHUVCHAN” ISH REJIMI aprobatsiyasiyadan muvaffafiyatli o‘tkazildi. Endilikda, davlat xizmatida barcha uchun shunday maqbul rejimlarni yo‘lga qo‘yish choralari ko‘rilmoqda.
O‘z navbatida, ishga kirishning ochiq shaffof tizimi, maqbul ish rejimlari sohaga eng salohiyatli kadrlarni jalb qilish, boshqaruvda sifat va natijadorlikni yana-da oshirishga xizmat qiladi.
Qayd etish joiz, ayollarga ehtirom, boshqaruvda xotin-qizlar ishtirokini oshirish – Prezidentimiz olib borayotgan siyosatining markaziy o‘rinlarida turadi.
Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan so‘nggi yillarda ayollar huquqlari va gender tengligi masalalariga katta eʼtibor qaratilib, ularning davlat boshqaruvidagi ulushini oshirishga yo‘naltirilgan bir qator tashabbuslar ilgari surildi. Ushbu tashabbuslarning eng muhimi – “Rahbar ayollar maktabi” dasturi hisoblanadi.
Prezidentning 2022 yil 7 martdagi PF-87-sonli Farmoniga muvofiq, davlat boshqaruvida ayollar ulushini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Ushbu dasturning asosiy maqsadi – eng salohiyatli xotin-qizlar rahbarlik lavozimlari uchun maqsadli tayyorlashdan iborat.
Bugungi kunga qadar “Rahbar ayollar maktabi” o‘quv dasturining 3 ta mavsumi doirasida 150 nafarga yaqin ayollar o‘qitildi. O‘quvlar yakuniga ko‘ra, ushbu tinglovchilar Milliy kadrlar zaxirasiga kiritildi.
Qayd etish lozim, ushbu tinglovchilarining 44 nafari hozirda yuqori rahbarlik lavozimlariga tayinlandi.


