
Milliy kadrlar zaxirasi bilan ishlash yo‘nalishi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan hududiy va respublika darajalari uchun rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
2021-2023 yillar davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari o‘rinbosarlari hamda tuman va shahar hokimi lavozimlariga jami 970 nafar nomzoddan iborat Milliy kadrlar zaxirasi shakllantirildi.
28 ta vazirlik va idoralarda rahbar o‘rinbosari lavozimiga saralash natijasiga ko‘ra 378 nafar davlat xizmatchisi rahbar kadrlar zaxirasiga tavsiya etildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida 2022 yil 4 avgust kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlarning 61-sonli bayoniga muvofiq, mahallalardagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari orasidan 1 000 nafar nomzoddan iborat Salohiyatli kadrlar rezervi shakllantirildi. Mazkur zaxiralarning 162 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–87-son Farmoniga muvofiq, “Rahbar ayollar maktabi” o‘quv dasturining 99 nafar bitiruvchilari ham Milliy kadrlar zaxirasiga kiritildi.
Tanlangan nomzodlarning sifat tarkibi hokim va hokim o‘rinbosarlari, iqtisodiy, qurilish, ijtimoiy va qishloq xo‘jaligi sohasi, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari, tadbirkorlardan iborat.
Munosib deb topilgan nomzodlarni rahbarlik lavozimiga tayyorlash maqsadida Agentlik tomonidan Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda rivojlangan davlatlar tajribasi asosida maxsus tayyorlash dasturi ishlab chiqildi va o‘quvlar davom etmoqda.
Masofaviy malaka oshirish o‘quv kursi hamda amaliyotni o‘tash natijalari bo‘yicha nomzodlarning reytingini yurituvchi maxsus elektron platforma (zaxira.argos.uz) ishlab chiqildi.


