
Istiqbolli kadrlar seleksiyasi yo‘nalishi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 13 iyuldagi Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yana-da oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–6260-sonli Farmoniga asosan davlat organlari, tashkilot va muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan TOP-500 talik ro‘yxatga kiritilgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga qo‘shimcha ustamalar (BHMning 15-30 barobari, magistratura uchun 20-40, doktorantura uchun 50-75 miqdorida belgilangan) to‘lab borish tartibi joriy etilgan bo‘lib, Agentlik, ish beruvchi va yosh mutaxassis o‘rtasida 3 yilgacha bo‘lgan muddatga tegishli shartnomalarni rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda.
Farmon doirasida 387 nafar yosh mutaxassislarning (bakalavriat 44 nafar, magistratura 340 nafar va doktorantura 3 nafar) lavozim maoshiga qo‘shimcha ustamalar to‘lab kelinmoqda.
2024 yil “Kelajak liderlari” o‘quv dasturining navbatdagi tinglovchilari sifatida vazirlik va idoralar tomonidan tavsiya etilgan 30 yoshgacha bo‘lgan o‘rta bo‘g‘in boshqaruv rahbarlari orasidan 50 nafar (ro‘yxat ilova qilinadi) davlat fuqarolik xizmatchilari sinovdan o‘tkazish moduli yordamida test sinovlari va suhbat asosida saralab olindi.
O‘quv kursi joriy yilning 4 noyabr - 4 dekabr kunlari Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida sohaning yetuk mutaxassislari xususan institutning professor o‘qituvchilari, vazirlik va idoralar rahbarlari jalb etilgan holda liderlik ko‘nikmalari, strategik tahlil va rejalashtirish, loyihalarni sifatli boshqarish, shaxsiy samaradorlikni oshirish ko‘nikmalari va kompetensiyalarni baholash kabi yo‘nalishlarda tashkil etildi.
Dastur yakunida bitiruv loyihasi taqdimotini namunali himoya qilgan tinglovchilarga sertifikat topshirildi.
Yaponiya xalqaro hamkorlik markazining (JICE) “Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar taqdim etish” JDS loyihasi bilan hamkorlik o‘rnatilib, Loyihaning boshqaruv komissiyasi aʼzoligiga Agentlik vakilini kiritishga erishildi. Endilikda Agentlik boshqaruv komissiyasi aʼzosi sifatida eng isteʼdodli davlat xizmatchilarini Yaponiya davlatidagi nufuzli universitetlarga saralash hamda o‘qishni bitirib kelgan stipendiatlarni istiqbolini monitoring qilish vazifasi belgilandi.
Shuningdek, olib borilgan muzokaralar natijasida 2025 yildan boshlab 40 ga yaqin davlat fuqarolik xizmatchilarini Koreya va Yaponiyaning eng nufuzli universitetlarida magistratura va doktorantura yo‘nalishlaridagi taʼlim dasturlariga jalb etiladi.
Yaponiya elchixonasi bilan olib borilgan muzokaralar natijasida “Yosh davlat xizmatchilarini shakllantirish” (GRIPS) loyihasi bilan hamkorlik o‘rnatildi, bunda 2025 yildan boshlab xar yili 15 nafar davlat xizmatchilari Yaponiya universitetlarida 1 yillik (magistratura) va 3 yillik (doktorantura) taʼlim dasturlariga jalb etish rejalashtirilgan.


