
Inson resurslari va kadrlar salohiyatini rivojlantirish yo‘nalishi

Agentlikning Inson resurslari va kadrlar salohiyatini rivojlantirish departamenti davlat fuqarolik xizmatchilarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, kasbiy kompetensiyalarini uzluksiz rivojlantirish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkillashtirishda vazirlik va idoralar faoliyatiga rahbarlik qiladi va uslubiy yordam ko‘rsatadi.
Shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilarining psixologik portretini shakllantirish, psixologik testlar, tashkiliy diagnostika (BPR) va ijtimoiy-psixologik so‘rovnomalar o‘tkazadi, davlat organlaridagi ijtimoiy-psixologik muhitni o‘rganadi.
Bugunga qadar davlat fuqarolik xizmatchilarining o‘z vakolatlarini lozim darajada amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni egallashlari hamda muntazam ravishda yangilab borishga qaratilgan 90 dan ortiq o‘quv kurslari tashkil etilib, ularda 68 ming 788 nafar davlat xizmatchilari qamrab olindi.
Yangi tayinlangan tuman (shahar) hokimlari va ularning jamoalari faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida joylarda ekspress-treninglar tashkil etish tizimi yo‘lga qo‘yilib, bugungi kunga qadar
1 480 nafar davlat fuqarolik xizmatchilari qamrab olindi.
Rivojlangan xorijiy davlatlar amaliyotini o‘rganish va tajriba almashish maqsadida Italiya, Buyuk Britaniya, BAA, Singapur, Latviya va Rossiya Federatsiyasining yetakchi olim va ekspertlari ishtirokida 15 ta o‘quv kurslari tashkil etildi. Ularda 500 dan ortiq rahbar kadrlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Shu bilan birga “davlat organi – taʼlim muassasasi – davlat xizmatchisi” taʼlim hamkorligi yo‘lga qo‘yilib, Bosh ilmiy-metodik markazning masofaviy taʼlim platformasi (dc.bimm.uz) orqali 56 494 nafar davlat fuqarolik xizmatchilarining onlayn shaklda malakasi oshirildi va sertifikatlar berildi.
Agentlikning ilm.argos.uz taʼlim portali transformatsiya qilinib, takomillashtirildi. Unga 470 ta videomateriallar, 240 dan ortiq elektron adabiyotlar joylashtirildi. Bugungi kunda 64 889 nafar foydalanuvchi doimiy bilim va ko‘nikmalarini oshirib bormoqda.
Davlat fuqarolik xizmatchilarini dunyoda ro‘y berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, texnologik sohalardagi yangiliklardan xabardor qilib borish maqsadida YouTube kanali orqali haftalik (har juma) “Siyosiy-maʼrifat soati” o‘tkazib kelinmoqda. Unda 35 mingdan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilari doimiy ishtirok etmoqda.
Rahbar kadrlarning psixologik portretini shakllantirish uchun 19 ta vazirlik va idoralarning markaziy apparatlaridan 518 nafar,
208 nafar tuman (shahar) hokimlari hamda 760 nafar Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar o‘rtasida kasbiy va shaxsiy fazilatlarni baholash bo‘yicha psixologik so‘rovnomalar o‘tkazildi.
Hududlarda tashkiliy diagnostika (BPR), boshqaruv va tezkor qarorlar qabul qilish, stressga bardoshlilik, muammolar bilan ishlash va risklarni baholashda ijtimoiy-psixologik holatlar bo‘yicha ijtimoiy-psixologik so‘rovnomalar olindi hamda kadrlarning salohiyati, shaxsiy va kasbiy ko‘nikmalari kompleks o‘rganildi.
Davlat organlari va tashkilotlaridagi ijtimoiy-psixologik muhitni o‘rganish bo‘yicha 28 ta ijtimoiy tadqiqotlar (onlayn va offlayn shaklda) o‘tkazilib, 251 mingdan ortiq respondentning ishtiroki taʼminlandi.


