Koreya tajribasi: inson kapitaliga investitsiya — samaradorlikning muhim omili
2026-09-15 10:50:00 / Yangiliklar

Janubiy Koreyada tashkil etilgan qisqa muddatli malaka oshirish dasturi doirasida inson resurslarini boshqarish va inson kapitalini rivojlantirishning xususiy sektorda shakllangan zamonaviy yondashuvlari taqdim etildi.
Ishtirokchilar Yeungnam University, POSCO Group University va Samsung kompaniyasining kadrlar tayyorlash, xodimlar salohiyatini oshirish va liderlarni shakllantirish tajribasi bilan tanishishdi.
Xususan, Yeungnam University tajribasida kadrlar tayyorlashning akademik bilim bilan cheklanib qolinmasligi, ta’limni amaliy ko‘nikmalar, innovatsiyalar va xalqaro tajriba bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilishi namoyon bo‘ldi. Universitetda turli mamlakatlardan kelgan talabalarni tayyorlash, ilmiy va amaliy hamkorlikni rivojlantirish orqali zamonaviy mutaxassislarni shakllantirishga yondashuvlar o‘rganildi.
POSCO Group University korporativ ta’limning samarali modeli sifatida xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirish bilan bir qatorda, qayta tayyorlash, re-skilling va up-skilling, individual rivojlanish hamda sun’iy intellekt asosidagi ta’lim platformalarini joriy etishga ustuvor ahamiyat bermoqda.
Samsung tajribasi inson kapitalini boshqarishning yana bir muhim jihati — xodimning tashkilotdagi butun kasbiy trayektoriyasini qamrab olishni ko‘rsatdi. Yangi ishga qabul qilishdan tortib, rahbarlik lavozimlariga tayyorlashgacha bo‘lgan jarayon yagona HRD tizimi asosida tashkil etilgan. Liderlik, kreativ fikrlash, jamoani boshqarish, iste’dodlarni rivojlantirish va o‘zini o‘zi boshqarish kabi kompetensiyalar maqsadli dasturlar orqali shakllantiriladi.
E’tiborli jihati, Koreya xususiy sektorining ushbu modellarida “xodimni o‘qitish” emas, “xodim salohiyatini natijaga aylantirish” maqsadi ustuvor.
Dastur davomida ishtirokchilar tomonidan ilg‘or xorijiy tajribani O‘zbekiston davlat xizmati sharoitiga moslashtirish bo‘yicha Action Plan ishlab chiqildi. Ishtirokchilarga qisqa muddatli malaka oshirish kursini yakunlaganlik to‘g‘risida sertifikat topshirildi.



