Maktabgacha va maktab ta‘limi vaziri rahbar kadrlarni baholash tizimi bilan tanishdi
2026-10-03 15:10:00 / Yangiliklar

Maktabgacha va maktab ta‘limi vaziri E. Karimova O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligining Rahbar kadrlarni baholash markazi faoliyati bilan tanishdi.
Markazda boshqaruvda samaradorlik va natijadorlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan yangi tizim haqida ma’lumot berildi.
Xususan,
▫️davlat xizmatchilarini tanlash — baholash — qayta tayyorlash — rivojlantirish zanjiriga asoslangan zamonaviy model;
▫️nufuzli xorijiy oliy ta'lim muassasalari, Prezident maktablari bitiruvchilari, istiqbolli davlat xizmatchilari zaxirasi bilan ishlash bo'yicha "Pasport" tizimi;
▫️davlat xizmatchilari faoliyati samaradorligini KPI asosida baholash axborot tizimi;
▫️inson resurslarini boshqarishda tuman – viloyat – respublika darajasidagi idoralararo ma‘lumot almashish platformasi;
▫️zamonaviy texnologiyalar, SI yechimlaridan foydalangan holda rahbar xodimlarning individual malaka oshirish trayektoriyalarini belgilash hamda rahbarlik lavozimlariga nomzodlarni diagnostikadan o'tkazish platformasi imkoniyatlari tanishtirildi.
Mazkur tizim imkoniyatlari ta’lim sohasida boshqaruv samaradorligini oshirish, rahbar kadrlarning salohiyatini xolis va zamonaviy mezonlar asosida baholash hamda ularning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi qayd etildi.


