Milliy tanlov g‘oliblari xalqaro maydonda: O‘zbekiston agrar sohasi uchun yangi avlod liderlari
2026-10-14 09:15:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligini rivojlantirish, sohaga istiqbolli yosh kadrlarni jalb etish hamda ularning salohiyatini xalqaro tajriba asosida yuksaltirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi (IFAD) hamkorligida tashkil etilgan “O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi uchun yosh talantlar” milliy tanlovining 5 nafar g‘olibi Italiyaning Rim shahrida o‘tkazilayotgan World Food Forum 2026 xalqaro forumida ishtirok etmoqda.
Butunjahon oziq-ovqat forumi (WFF) Global yoshlar harakati tashabbusi — butun dunyo yoshlarini birlashtirib, barqaror, inklyuziv va tashqi ta’sirlarga chidamli oziq-ovqat tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan global platformadir.
62 ta mamlakatni qamrab olgan va o‘n minglab yoshlarni birlashtirayotgan ushbu tashabbus yoshlarning yetakchiligidagi loyihalar va amaliy harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, u yosh avlod vakillariga qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimlarini transformatsiya qilish, innovatsion yechimlarni ilgari surish hamda barqaror kelajakni shakllantirishda faol ishtirok etish imkonini beradi.
Forum doirasida tanlov g‘oliblari “Global Youth Action” yo‘nalishidagi “Yoshlar barqaror chorvadorlik kelajagi yo‘lida: milliy muloqotdan mintaqaviy hamkorlikka” mavzusidagi mintaqalararo sessiyada qatnashdi. Ular yosh chorvadorlar bilan o‘tkazilgan milliy maslahatlashuvlar natijalarini muhokama qilish, yoshlarning ehtiyoj va takliflarini xalqaro darajada ilgari surish hamda mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma tavsiyalar ishlab chiqishga hissa qo‘shdi.
Shuningdek, tanlov g‘oliblari FAO bosh qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri I.Abdurahmonov hamda FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sh. Umarov bilan uchrashdi.
Muloqot davomida yoshlarning istiqbolli tashabbuslari va loyihalari, ilg‘or xalqaro tajribani mamlakatimiz agrar sohasiga joriy etish, shuningdek, qishloq va suv xo‘jaligida zamonaviy bilimlarga ega, tashabbuskor va yuqori salohiyatli mutaxassislar avlodini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tanlovning asosiy maqsadi — istiqbolli kadrlarni aniqlash, ularning kasbiy va yetakchilik salohiyatini rivojlantirish, xalqaro tajriba bilan tanishtirish hamda kelgusida ularni agrar sohadagi islohotlar va innovatsion o‘zgarishlarning faol ishtirokchilariga aylantirishdir.
📌Ma'lumot uchun, Tanlov g‘oliblari 2027-yil davomida FAO va Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi (IFAD) bilan kelishilgan reja-grafik asosida bosqichma-bosqich xalqaro stajirovka dasturlariga jalb etiladi.



