Namangan tumanida sanoat va parrandachilik yo‘nalishlaridagi loyihalar o‘rganildi
2026-10-15 09:05:00 / Yangiliklar

Islohotlar shtabi tomonidan Namangan tumanida to‘qimachilik sanoati va parrandachilik sohalarida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, eksport hajmini oshirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatlari o‘rganildi.
Jumladan, "TOSHBULOQ-TEKS" MChJda paxtani qayta ishlashdan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayon yo‘lga qo‘yilgan. Korxonada kalava ip ishlab chiqarishni kengaytirish loyihasi ham ishlab chiqilgan. Loyiha doirasida 260 ta yangi ish o‘rni yaratish va eksportni amalga oshirish imkoniyati ko‘zda tutilgan.
"GOLDEN EGG OF NAMANGAN" MChJda ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish bo‘yicha istiqbolli loyiha taqdim etildi. Uni amalga oshirish orqali yiliga 360 million dona tuxum yetishtirish, eksportni yo‘lga qo‘yish hamda 150 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
O‘rganish davomida loyihalarning amalga oshirish imkoniyatlari va iqtisodiy salohiyati tahlil qilinib, tegishli takliflar tayyorlandi.
Maqsad — hududlarda ishlab chiqarish hajmini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish va aholi bandligini ta’minlashga xizmat qiluvchi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash.





