Buxoroda turizm ta’limi xalqaro standartlar asosida yangi bosqichga olib chiqiladi
2026-10-27 11:40:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyatida turizm va mehmondo‘stlik sohalari uchun xalqaro standartlarga asosida malakali kadrlar tayyorlash, Avstriyaning ilg‘or ta’lim tajribasini joriy etish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Buxoro viloyati hokimi B. Zaripov, Avstriyaning O‘zbekistondagi elchixonasi savdo-iqtisodiy masalalari bo‘yicha maslahatchisi Rudolf Lukavsky, turizm, mehmonxona boshqaruvi va restoratorlik sohasi eksperti Thomas Drdak, arxitektor Zeljko Katalinic hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi vakili ishtirok etdi.
Muloqot davomida Buxoro turizm va madaniy meros texnikumini Buxoro xalqaro turizm texnikumiga aylantirish, uning faoliyatini xalqaro talablar asosida takomillashtirish va ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Xususan, Avstriyaning nufuzli IMC Krems amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikni rivojlantirish, zamonaviy ta’lim dasturlarini joriy etish va nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’lumot uchun, 1994-yilda tashkil etilgan IMC Krems amaliy fanlar universiteti bugungi kunda 220 dan ortiq xorijiy oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlik qiladi.
Ayni kunlarda xorijiy mutaxassislar texnikumning mavjud infratuzilmasi, o‘quv xonalari, laboratoriyalari, oshxona va yotoqxona imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Mavjud sharoitlarni xalqaro mezonlarga moslashtirish, zamonaviy o‘quv mehmonxonasi va restoranini tashkil etish, shuningdek, amaliy mashg‘ulotlar ulushini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.
Uchrashuvda Xalqaro turizm va mehmondo‘stlik markazini tashkil etish, Avstriyaning dual ta’lim tizimi tajribasini joriy qilish, pedagoglarning xorijda malaka oshirishini yo‘lga qo‘yish hamda “2+2” shaklidagi qo‘shma bakalavriat dasturini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Xalqaro hamkorlikni kengaytirish hududda turizm ta’limi sifatini oshirish, ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, bitiruvchilarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish hamda hududning xalqaro turizm markazi sifatidagi salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
📌2026-yil 7-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi, Kasbiy ta’lim agentligi hamda IMC Krems amaliy fanlar universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Mazkur hujjat turizm va mehmondo‘stlik sohasida xalqaro tajribani o‘rganish, ta’lim sifatini oshirish hamda zamonaviy kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim asosdir.



