Davlat va xususiy sektor: rahbar kadrlarni tanlashda o‘zaro hamkorlikning yangi imkoniyatlari muhokama qilindi
2026-11-10 12:20:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi binosida davlat tashkilotlari vakillari, EUROUZ a’zolari bo‘lgan yirik xalqaro va milliy kompaniyalarning HR direktorlari hamda O‘zbekiston Ish beruvchilar assotsiatsiyasi vakillari ishtirokida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Davlat xizmatida inson kapitalini rivojlantirish loyiha ofisi hamda EUROUZning Inson resurslari va salohiyatni rivojlantirish qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi.
Uchrashuvda audit va konsalting, bank, ishlab chiqarish, kommunal infratuzilma, mehmonxona biznesi hamda xodimlarni tanlash sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalar vakillari xususiy sektorda kadrlarni izlash, tanlash va baholash bo‘yicha amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Xususan, nomzodlarning kasbiy va boshqaruv kompetensiyalarini baholash, yuqori salohiyatli mutaxassislarni aniqlash, shuningdek, faol ish izlamayotgan, biroq zarur tajriba va malakaga ega rahbar kadrlarni yangi faoliyatga jalb etish mexanizmlariga e’tibor qaratildi.
Muhokamalarda xususiy sektorda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning davlat xizmatiga o‘tishi uchun munosib sharoit yaratish muhimligi ta’kidlandi. Bunda lavozim vazifalari va vakolatlarining aniq belgilanishi, ularning kutilayotgan natijalar bilan uyg‘unligi hamda kasbiy rivojlanish imkoniyatlari alohida ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Shuningdek, rahbar kadrlarni tanlashda nomzodning kasbiy yutuqlari va boshqaruv tajribasi bilan bir qatorda, jamoat manfaatlariga xizmat qilishga tayyorligi, davlat xizmati odobi talablariga rioya etishi hamda aniq va o‘lchanadigan natijalarga erishish salohiyatini ham inobatga olish zarurligi ta’kidlandi.
Uchrashuv davlat va xususiy sektor o‘rtasida kadrlar siyosati borasidagi hamkorlikni rivojlantirish, rahbarlik lavozimlariga munosib nomzodlarni izlash va baholashning zamonaviy yondashuvlarini joriy etish yuzasidan fikr va takliflar almashish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.



