Suv tejashda yangi boshqaruv modeli: har bir loyiha — aniq natija uchun
2026-11-12 15:25:00 / Yangiliklar

Suv resurslari tobora tanqis bo‘lib borayotgan sharoitda suvni tejashda shunchaki zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bilan cheklanilmasligi muhim. O‘rnatilgan tizimlar haqiqatan ham suvni tejayaptimi, ajratilgan mablag‘ o‘z samarasini beryaptimi va uskunalar uzoq muddat davomida ishlayaptimi? Shu savollarga aniq javob berish nazoratning asosiy vazifasiga aylanishi lozim.
Bugun qishloq xo‘jaligida har bir tomchi suvning qadri ortib bormoqda. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi, suv manbalariga bo‘lgan ehtiyojning ortishi va sug‘orish suvi taqchilligi sharoitida mavjud resurslardan oqilona foydalanish hayotiy zarurat. Shu bois, suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Biroq bu borada bir jihatni unutmaslik kerak: texnologiyani o‘rnatish — ishning boshlanishi, uning haqiqiy samarasini ta’minlash esa asosiy vazifadir.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-sentyabrdagi 488-son qarori aynan suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari va suvdan foydalanish ustidan davlat nazoratini takomillashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Ushbu qarorda nazarda tutilgan mexanizmlar sohadagi mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, ortiqcha xarajatlarning oldini olish va suv tejashga yo‘naltirilgan mablag‘lardan samarali foydalanish uchun muhim imkoniyat yaratadi.
Nazoratning maqsadi — kamchilikni aniqlash emas, uni oldini olish
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda tashkil etilgan monitoring bo‘limlari suv tejovchi texnologiyalarning joriy etilishi va suvdan foydalanish holatini doimiy kuzatib borishda muhim o‘rin tutadi. Ammo monitoring faqat dalalarni ko‘zdan kechirish, ma’lumot to‘plash yoki hisobot tayyorlashdan iborat bo‘lib qolmasligi kerak. Masalan, biror fermer xo‘jaligida tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatilgan bo‘lishi mumkin. Lekin nasoslar to‘liq quvvatda ishlamasa, quvurlarda nosozliklar bo‘lsa yoki suv hisoblagichlar to‘g‘ri ishlamasa, bu texnologiyadan kutilayotgan samaraga erishish qiyin.
Shuning uchun nazorat jarayonida O‘rnatilgan sug‘orish tizimi haqiqatan ham ishlayaptimi? Suv sarfi avvalgi davrga nisbatan qancha kamaydi? Suv hisobi to‘g‘ri va ishonchlimi? Aniqlangan nosozliklar o‘z vaqtida bartaraf etilyaptimi? Suv tejash uchun ajratilgan mablag‘lar kutilgan natijani beryaptimi? degan savollarga javob topish muhim. Aynan shu savollar monitoringni oddiy tekshiruvdan amaliy natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv vositasiga aylantiradi.
Dronlar nazoratni tezkor va samarali qiladi
Qishloq xo‘jaligi maydonlari katta hududlarni egallagan bir sharoitda har bir obyektni an’anaviy usulda tekshirish ko‘p vaqt va mehnat talab qiladi. Qayd etilgan qarorda Suv inspeksiyasi uchun 20 ta dron xarid qilish nazarda tutilgani nazorat imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Dronlar yordamida katta maydonlarni qisqa vaqt ichida kuzatish, sug‘orish tizimlaridagi muammolarni aniqlash, suvdan foydalanish holatini masofadan baholash mumkin. Eng muhimi, bu texnologiya nazorat xodimlarining vaqtini tejaydi va ularga eng ko‘p e’tibor talab qiladigan hududlarga ustuvorlik berish imkonini yaratadi.
Biroq drondan olingan tasvir va ma’lumotlar o‘z-o‘zidan natija emas. Ularni tahlil qilish, aniqlangan muammolar bo‘yicha chora ko‘rish va natijani qayta baholash muhimdir.
O‘rnatilgan texnologiya ishlamasa, tejamkorlik qayerda?
Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda ko‘pincha uskunani xarid qilish va o‘rnatishga katta e’tibor qaratiladi. Lekin uning keyingi faoliyati ham muhim. Axir bir necha oy ishlab, keyin nosoz holatga kelgan tizimdan qanday samara kutish mumkin? Shu nuqtai nazardan, qarorda har bir loyiha bo‘yicha kamida ikki yillik kafolat va besh yil davomida servis xizmati ko‘rsatilishi ustidan nazorat belgilangani alohida ahamiyatga ega. Bu talablar pudratchi tashkilotlar zimmasiga faqat uskunani o‘rnatish emas, balki uning barqaror ishlashini ta’minlash mas’uliyatini ham yuklaydi. Agar kafolat yoki servis xizmati bo‘yicha majburiyatlar bajarilmasa, Inspeksiya tomonidan suv yetkazib beruvchi tashkilot, buyurtmachi va pudratchi ishtirokida tegishli dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Bunday yondashuv har bir ishtirokchining mas’uliyatini oshirish, muammolarni yashirmasdan hal qilish va davlat hamda xususiy mablag‘larning samarasiz sarflanishining oldini olishga xizmat qiladi.
Suv tejalganini qanday bilish mumkin?
Eng muhim masala — natijani to‘g‘ri baholash. Misol uchun, muayyan hududda minglab gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgani haqida hisobot berish mumkin. Ammo bu maydonlarda amalda qancha suv tejalgani aniq bo‘lmasa, ishning haqiqiy samarasini baholash qiyin. Shuning uchun sohada faqat bajarilgan ishlar soniga emas, balki aniq natijalarga asoslangan baholash tizimini kuchaytirish zarur.
Bunda bir nechta muhim ko‘rsatkichga e’tibor qaratish lozim:
· bir gektarga sarflangan suv hajmi — suvdan foydalanish samaradorligini ko‘rsatadi;
· amalda tejalgan suv miqdori — joriy etilgan texnologiyaning haqiqiy natijasini belgilaydi;
· uskunalarning ishchi holati — tizimlar qanchalik barqaror faoliyat yuritayotganini ko‘rsatadi;
· nosozliklarni bartaraf etish muddati — servis xizmati va mas’ul tashkilotlar ishining sifatini baholashga yordam beradi;
· ajratilgan mablag‘larning natijadorligi — sarflangan har bir mablag‘ evaziga qanday samara olinganini aniqlash imkonini beradi.
Bu ko‘rsatkichlar muntazam tahlil qilinib borilishi qaysi hududda muammo borligi, qaysi texnologiya yaxshi natija berayotgani va qayerda qo‘shimcha choralar zarurligini aniq ko‘rish imkonini beradi. Albatta, suv tejalganini baholashda iqlim, ekin turi, hosildorlik va sug‘orish sharoitlarini ham hisobga olish zarur. Haqiqiy tejamkorlik faqat suv sarfining kamayishi emas, balki qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirishda suvdan oqilona foydalanishdir.
Eng katta natija — tejalgan har bir tomchi suv
Suv xo‘jaligidagi islohotlar samarasi o‘rnatilgan uskunalar soni, o‘tkazilgan tekshiruvlar yoki tayyorlangan hisobotlarda emas, balki ularning ortida turgan haqiqiy natijada aks etishi muhim.
Agar suv tejovchi texnologiya joriy etilganidan keyin suv sarfi kamaysa, uskunalar uzluksiz ishlasa, fermerning xarajatlari maqbullashsa va hosildorlik uchun zarur sharoit saqlansa, demak, ko‘zlangan maqsadga erishildi.
Shuning uchun nazoratning asosiy vazifasi kamchiliklarni qayd etish bilan cheklanmasligi, balki ularni bartaraf etish, mas’ullarning javobgarligini oshirish va har bir loyihadan kutilayotgan natijani ta’minlashdan iborat bo‘lishi lozim.
Zero, suvni tejash — bugungi kun talabi, ertangi avlod oldidagi mas’uliyatdir.
Babajanov Temur Palvanovich
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi bosh inspektori
