Davlat xizmatida innovatsion yondashuv: Natijaga asoslangan boshqaruv tizimi (NABT) amaliyotga joriy etildi
2026-01-08 14:20:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-dekabrdagi “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–243-son Farmoni davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, samaradorlikni oshirish va natijaga yoʻnaltirilgan yondashuvni joriy etishga qaratilgan muhim hujjat hisoblanadi. Ushbu Farmon davlat organlarida natijaga asoslangan boshqaruv tizimi (NABT)ni tajriba-sinov tarzida joriy etishni belgilaydi.
NABT – bu davlat organlari faoliyatini boshqarishda strategik maqsadlarga erishishga ustuvorlik beradigan innovatsion yondashuv boʻlib, anʼanaviy boshqaruv tizimlaridan farqli oʻlaroq, jarayonlarga emas, balki aniq natijalarga erishishga qaratilgan jarayondir.
Masalan, avvalgi tizimda rahbarning faoliyati faqat belgilangan vazifalarni bajargani yoki bajarmaganiga qarab baholansa, NABTda uning vazifalarini bajarish oqibatida nimalarga erishilganiga qarab oʻlchanadi. Bu modelning asosiy maqsadi – davlat xizmatining samaradorligini oshirish orqali fuqarolar manfaatlarini yanada samaraliroq himoya qilishdir.
Farmonga muvofiq, NABT 2026-yil 1-yanvardan tajriba-sinov tarzida quyidagi davlat organlarida joriy etiladi:
– Qishloq xoʻjaligi vazirligi;
– Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi;
– Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi;
– Namangan va Surxondaryo viloyati hokimliklari;
– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-oktabrdagi PQ-298-son qarorida belgilangan «Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)» maqomiga ega 33 ta tuman (shahar) hokimliklari.
Ushbu tajriba-sinov jarayonlari Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan muvofiqlashtiriladi. Bunda Agentlik natijaga asoslangan boshqaruv modelini ishlab chiqadi, uning joriy etilishini uslubiy jihatdan taʼminlaydi hamda maqsadli koʻrsatkichlarga erishilganligini samaradorlik.gov.uz elektron platformasi orqali monitoring qiladi.
Farmon NABTning quyidagi asosiy xususiyatlarini belgilaydi:
– Maqsad va natijalarni aniq oʻlchovli shaklda belgilash. Har bir vazifa uchun aniq indikatorlar (KPI) oʻrnatiladi, ular Agentlik tomonidan shakllantiriladi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
– Jarayonlar emas, natijalar asosida rejalashtirish va boshqarish. Faoliyat natijalarga yoʻnaltiriladi, bu esa resurslarni ortiqcha sarflashning oldini oladi.
– Natijalarni tasdiqlovchi koʻrsatkichlar orqali baholash. Erishilgan natijalarni baholash va tasdiqlash elektron platformalar orqali raqamlashtiriladi, bu inson omilini cheklaydi, shaffoflikni taʼminlaydi va ortiqcha byurokratik omillarni qisqartiradi.
– Rahbarlarning shaxsiy masʼuliyatini belgilash. Vazirlik va idoralar rahbarlari sohaviy darajadagi natijalar uchun javobgar boʻladi. Ular xodimlarning shaxsiy natijadorligi asosida ularni ragʻbatlantirish yoki intizomiy chora koʻrish huquqiga ega bo’ladi.
– Chief Evaluation Officer (CEO) instituti. Har bir organda rahbar oʻrinbosarlaridan biri natijadorlikni taʼminlash va baholash boʻyicha masʼul etib belgilanadi.
NABTning tatbiq etilishi davlat boshqaruvini isloh qilishga xizmat qiladi. Ushbu tizim boshqaruv faoliyatini bevosita natijalarga yoʻnaltirish orqali xizmat koʻrsatish sifati va resurslardan foydalanish samaradorligini oshiradi. Shu bilan birga, har bir rahbar va xodim uchun aniq vazifalarning belgilanishi hamda ijroning elektron monitoring qilinishi tizimda ochiqlikni taʼminlab, korrupsiya xavfini kamaytiradi va hisobdorlikni kuchaytiradi. Eng muhimi, ushbu mexanizm vazirlik va idoralarning ish jarayonlarini “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi bilan strategik jihatdan muvofiqlashtirib, mavjud imkoniyatlarni yagona milliy maqsadlar atrofida birlashtiradi.
Gʻolibjon Abduazizov,
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi Yigʻma axborot tahlil departamenti boshligʻi
