Kichik tibbiyot xodimlarini ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish tizimini takomillashtirish masalasi muhokama qilindi
2026-03-13 11:00:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda kichik tibbiyot xodimlari bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha e’lonlarni ochiq joylashtirish va nomzodlarni ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish masalasini amaliy jihatdan tashkil etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Muhokamalar davomida Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ul xodimi tomonidan HRM platformasida kichik tibbiyot xodimlari uchun alohida bo‘lim tashkil etish taklifi ilgari surildi. Ushbu bo‘lim orqali mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha e’lon berish, nomzodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda tanlov jarayonlarini ochiq va shaffof tarzda tashkil etish imkoniyatlarini yaratish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, tanlov bosqichlari, nomzodlarning malaka darajasi, suhbat jarayonlarini tashkil etish hamda baholash mezonlari yuzasidan batafsil fikr almashildi.
Muhokamalar yakunida HRM platformasida kichik tibbiyot xodimlari uchun alohida bo‘lim tashkil etish taklifi Boshqaruv samaradorligi agentligi hamda UZINFOCOM MChJ mutaxassislari tomonidan ma’qullandi.
Mazkur tashabbus kichik tibbiyot xodimlarini ishga qabul qilish jarayonida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
