“Mamlakat platformasi”ning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2026-05-01 11:10:00 / Yangiliklar

“Mamlakat platformasi”ning Qonun ustuvorligi va davlat boshqaruvi yo‘nalishi bo‘yicha Ishchi guruhining yig‘ilishi o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston bo‘yicha “Mamlakat platformasi” donorlar va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularning qo‘shma loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etuvchi vazirliklar va idoralar bilan o‘zaro hamkorligini taʼminlashga qaratilgan mexanizm hisoblanadi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi direktorining birinchi o'rinbosari M. Qurbonov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti direktori o'rinbosari V.Ergashev, Adliya vaziri o'rinbosari M. Allakuliyev, Germaniyaning xalqaro hamkorlik bo‘yicha jamiyati (GIZ), Yevropa Ittifoqi, BMT Taraqqiyot dasturi, Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Tashkiloti (OECD), BMT narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi (UNODC), UNICEF, shuningdek, Shveytsariya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Latviya elchixonalarining vakillari ishtirok etdi.
“Mamlakat platformasi”ning navbatdagi yig'ilishida "Nomarkazlashtirish islohotlari: xalqaro tajriba va milliy yondashuvlar" mavzusi muhokama qilindi.
Tadbir davomida davlat boshqaruvini aholiga yaqinlashtirish, vakolat va resurslarni hududlarga o‘tkazish, qaror qabul qilish jarayonlarini tezkor va samarali tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi:
▫️nomarkazlashtirishning konseptual yondashuvlari, vakolatlarni vertikal va gorizontal taqsimlash, hududlar salohiyatidan kelib chiqib boshqaruv modelini joriy etish;
▫️xalqaro tajriba asosida hududlarni rivojlantirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, davlat xizmatlarini xalqqa yaqinlashtirish hamda raqamli boshqaruv mexanizmlarini joriy etish.
Uchrashuv yakunida nomarkazlashtirish jarayonlarini tizimli amalga oshirish, aniq mexanizmlar asosida joriy etish hamda xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surildi.


