Davlat xizmatida inson resurslarini strategik rejalashtirish
2026-05-01 15:05:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida davlat fuqarolik xizmatida inson resurslarini strategik rejalashtirish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan birga “Samarali boshqaruv” dasturi doirasida Loyiha amalga oshirilmoqda.
2024 yilda boshlangan Loyiha doirasida bugungi kunga qadar inson resurslarini strategik rejalashtirish bo‘yicha namunaviy yo‘riqnoma ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi. Yo‘riqnoma sinov tariqasida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligida sinovdan o‘tkazildi hamda takomillashtirildi. Bugungi kunda ishlab chiqilgan Yo‘riqnoma 18 ta vazirlik va idorada joriy etildi.
Navbatdagi bosqichda ushbu tizimni kengaytirish, masʼul xodimlarda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish hamda tizimni raqamlashtirish ishlari ko‘zda tutilgan bo‘lib, Agentlik tomonidan xorijiy ekspert Damir Axmetovich ishtirokida “O‘zbekiston davlat xizmatida inson resurslarini rejalashtirishda yangi yondashuvni joriy etish bo‘yicha meʼyoriy asoslarini yaratish” mavzusida amaliy seminar-trening tashkil etildi.
Seminar respublika va ijro etuvchi hokimiyat organlarining inson resurslarini boshqarishga masʼul xodimlari uchun tashkil etilib, unda HR rejalashtirish jarayonlari, asosiy tushunchalar, tizimning afzallik va kamchiliklari, jarayonga taʼsir etuvchi omillar hamda ilg‘or xorijiy tajriba va keyslar muhokama qilindi.




