O‘zbekistonning istiqbolli yosh kadrlari Koreyada innovatsion boshqaruv tajribasini o‘zlashtirmoqda
2026-05-12 16:00:00 / Yangiliklar

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamda Koreya Respublikasi Inson resurslarini rivojlantirish milliy instituti (NHI) hamkorligida istiqbolli yosh boshqaruv kadrlar uchun “Kelajak liderlari” qo‘shma qayta tayyorlash ta'lim dasturi amalga oshirilmoqda.
Dastur doirasida eng faol 15 nafar tinglovchi ayni kunlarda Koreya Respublikasida xalqaro stajirovkada.
Ikki haftalik xorijiy stajirovka davomida tinglovchilar:
➡️Koreyaning ilg‘or universitetlari, amaliyotchi mutaxassislar ishtirokida davlat boshqaruvida sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash, samarali boshqaruv tizimlarini shakllantirish, strategik va moliyaviy resurslarni rejalashtirish, natijadorlikni va aholi farovonligini oshirish kabi dolzarb mavzularda bilimlarini boyitadilar.
➡️Mashg‘ulotlarda zamonaviy davlat boshqaruvi yondashuvlari, innovatsion fikrlash va raqamli transformatsiya tamoyillariga alohida urg‘u beriladi.
➡️Dastur Seul, Sejong, Goyang, Buyeo, Asan va Ansan shaharlarini qamrab oladi.
➡️Koreyaning "smart city" boshqaruvi, raqamli texnologiyalar, ishlab chiqarish innovatsiyalari va zamonaviy transport tizimlari faoliyati bevosita o’rganadi.
➡️ Koreyaning yetakchi IT va sun’iy intellekt kompaniyalari, “Faol ma’muriy boshqaruv” bo‘yicha ilg‘or tajriba instituti, Goyang shahridagi Hyundai avtomobil studiyasi, Sejong shahri Aqlli boshqaruv markazi, Aqlli ishlab chiqarish innovatsiyalari markazi hamda Koreya Elektronika texnologiyalari institutlarida bo‘lib, ilg‘or texnologiyalar va innovatsion ekotizim bilan yaqindan tanishishi rejalashtirilgan.
Mazkur malaka oshirish jarayoni ishtirokchilarga Koreyaning davlat boshqaruvi sohasidagi muvaffaqiyatli modellarini O‘zbekiston sharoitiga adaptatsiya qilish bo‘yicha koreyalik mutaxassislar bilan bevosita maslahatlashish imkonini beradi.
Eslatib o'tamiz, Dastur yakunida tinglovchilar faoliyat sohasini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ishini tayyorlaydi va himoya qiladi.
Ma'lumot uchun, 22-may kunigacha davom etadigan loyiha Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning moliyaviy ko‘magi asosida tashkil etilmoqda.





