Boshqaruv samaradorligi yo‘lida: Niderlandiyaning yetakchi institutlari bilan hamkorlik
2026-05-13 09:05:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi tashabbusi bilan davlat apparatini professionallashtirish va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish institutlarini rivojlantirishga qaratilgan strategik siyosat doirasida Gaaga shahrida Niderlandiyaning yetakchi taʼlim va tadqiqot markazlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Jumladan, Niderlandiya Davlat boshqaruvi maktabi (NSOB) taʼlim dasturlari rahbari va tadqiqotchisi Christian van der Kaaij hamda Agentlik Xalqaro aloqalarni rivojlantirish departamenti boshlig'i R.Gasanov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda:
▫️davlat boshqaruvida zamonaviy liderlikni rivojlantirish;
▫️O‘zbekiston davlat xizmatchilarida strategik fikrlash va o‘zgarishlarni boshqarish ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida yuqori rahbarlar uchun taʼlim dasturlarini moslashtirish;
▫️davlat ahamiyatiga molik qarorlarni qabul qilish va baholash jarayonida akademik ekspertiza hamda tadqiqotlar rolini kuchaytirish;
▫️NSOB metodologiyalarini joriy etish orqali rahbarlarning maʼmuriy jarayonlarni tanqidiy baholashi va murakkab ijtimoiy muammolar uchun noanʼanaviy yechimlar topish qobiliyatini oshirish kabi masalalarga e'tibor qaratildi.
Ma'lumot uchun, Niderlandiya Davlat boshqaruvi maktabi (NSOB) — davlat tuzilmalari rahbarlari uchun chuqur ilmiy tadqiqotlar va amaliy tajribani uyg‘unlashtirgan Yevropaning nufuzli “think tank” markazlaridan biri hisoblanadi.
Shuningdek, Gaaga mahalliy boshqaruv akademiyasi (The Hague Academy for Local Governance) dasturlar rahbari va direktor o‘rinbosari Lars Burema bilan bo'lib o'tgan uchrashuv davomida:
▫️mahalliy organlar faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida vakolat va moliyaviy resurslarni munitsipal darajaga o‘tkazish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganish;
▫️fuqarolarni rejalashtirish jarayonlariga jalb qilish va inson manfaatlariga yo‘naltirilgan sifatli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha amaliy treninglar dasturlarini ishlab chiqish;
▫️davlat sektoridagi murakkab loyihalarni hududiy xususiyatlarni hisobga olgan holda boshqarish usullari bo‘yicha o‘zbek mutaxassislari uchun maxsus o‘quv dasturlarini tashkil etish imkoniyatlari ko'rib chiqildi.
Yuqoridagi uchrashuvlar yakunida qo‘shma taʼlim modullari va stajirovka dasturlarini (Training of Trainers) ishlab chiqish uchun dastlabki kelishuvga erishildi.
Xalqaro tajribaning milliy malaka oshirish tizimiga izchil integratsiya qilinishi, islohotlarni yuqori samaradorlik bilan amalga oshirish salohiyatiga ega yangi avlod boshqaruv kadrlarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Ma'lumot uchun, Gaaga mahalliy boshqaruv akademiyasi munitsipal boshqaruv samaradorligini oshirishga ixtisoslashgan bo‘lib, har yili 90 dan ortiq mamlakatdan kelgan mutaxassislarni o‘qitadi.


