Farg‘onada hokim o‘rinbosarlari uchun maxsus o‘quv boshlandi
2026-05-13 14:35:00 / Yangiliklar

Farg‘ona shahrida “Zamonaviy davlat fuqarolik xizmatida faol yondashuv, samarali ijro va fuqaroga yo‘naltirilgan xizmat ko‘rsatish” mavzusida o‘quv-trening boshlandi.
Trening O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Mazkur o'quvda “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomiga ega 33 ta tuman va shahar hokimlarining o‘rinbosarlari ishtirok etmoqda.
Dasturda davlat fuqarolik xizmatini zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etish, professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Trening mashg‘ulotlarida:
➡️davlat xizmatlarini o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatish;
➡️qaror qabul qilish samaradorligini oshirish; muloqot madaniyatini takomillashtirish;
➡️xizmat ko‘rsatish zanjiridagi muvofiqlashtiruv jarayonlarini yaxshilash;
➡️sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish;
➡️raqamli yechimlarni davlat boshqaruviga keng joriy etish masalalari ko'rib chiqilmoqda.
Uch kunlik Dastur davomida ishtirokchilar Farg‘ona viloyatining o'sish nuqtalari, drayver sohalar va ommalashayotgan ijobiy loyihalar bilan tanishadilar.
Ma'lumot uchun, trening Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi, Adliya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi doirasida tashkil etildi.



