Namangan viloyatida hududni rivojlantirish imkoniyatlari o‘rganilmoqda
2026-05-19 16:05:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Boshqaruv samaradorligi agentligi direktorining o'rinbosari A.Salixov boshchiligidagi Ishchi guruh tomonidan Namangan viloyatida hududlarni kompleks rivojlantirish, “o‘sish nuqtalari” va ishga solinmagan imkoniyatlarni aniqlash bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Bunda tuman va shaharlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, hududiy drayver sohalar, investitsiya va bandlikni ta'minlash imkoniyatlari, mavjud infratuzilma hamda boshqaruv samaradorligi ko‘rsatkichlari tahlil qilinmoqda.
O‘rganishlar jarayonida tadbirkorlik subyektlari faoliyatida mavjud tizimli muammolarni aniqlash, ularning ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etilishiga ko'maklashish, infratuzilma, resurs kabi jarayonlar bilan bog‘liq masalalarga amaliy yechimlar ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Namangan viloyatini rivojlantirish maqsadida bir qator Loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan,
▫️Pop tumani tog‘li hududlarida umumiy 600 gektar yer maydonida eko va gastronomik turizm zonalari barpo etiladi;
▫️Pop tumanida 100 gektar yer maydonida kooperatsiya asosida yuqori daromadli mahsulotlar yetishtiriladigan Agromarkaz tashkil etiladi;
▫️Davlatobod tumanida 2 ta, Namangan tumanida 6 ta, Norin va Yangi Namangan tumanlarida bittadan jami 10 ta ko‘chada 24/7 xizmat ko‘rsatish ko‘chalari tashkil etiladi;
▫️To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 5 gektar yer maydonida parrandachilik kompleksi joriy etiladi;
▫️Yangiqo’rg’on tumani “Buloqboshi” mahallasi hududida yillik quvvati 100 ming tonna bo‘lgan zamonaviy mevani qayta ishlash korxonasi ishga tushiriladi.
Tahlillar yakuni bo‘yicha hududlarda yangi imkoniyatlarni ishga solish, boshqaruv tizimini takomillashtirish va yangi iqtisodiy drayverlarni rivojlantirishga qaratilgan aniq takliflar ishlab chiqiladi.



