Jarayondan natijaga: Qurilish sohasida islohotlarning yangi modeli
2026-06-05 16:05:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasi mamlakat iqtisodiyotining strategik yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, aholi turmush darajasini oshirish, hududlarni kompleks rivojlantirish hamda zamonaviy infratuzilmani shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. So‘nggi yillarda mazkur sohada davlat boshqaruvini takomillashtirish, xizmatlar ko‘rsatish jarayonlarini soddalashtirish va raqamlashtirish hamda fuqarolar uchun qulay va shaffof tizim yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligining umumiy muvofiqlashtiruvi ostida Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Namangan va Surxondaryo viloyatlari hokimliklarida hamda “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomidagi 33 ta tuman (shahar) hokimliklarida tajriba-sinov tariqasida natijaga asoslangan boshqaruv tizimini joriy etish va davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.
Davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyev raisligida joriy yilning 14-aprel va 6-may kunlari o‘tkazilgan yig‘ilishlarda uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasidagi mavjud muammolar, xususan, ortiqcha byurokratik tartib-taomillar, xizmatlar ko‘rsatish jarayonlaridagi tizimli kamchiliklar hamda fuqarolar murojaatlariga tezkor va samarali yechim topish zarurati alohida ta’kidlandi. Mazkur holatlar sohada boshqaruv mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish, davlat xizmatlarini optimallashtirish va natijadorlikka yo‘naltirilgan yondashuvlarni keng joriy etish masalasining dolzarbligini yanada oshirmoqda.
Boshqaruv samaradorligi agentligi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda vazirlikning vazifa va funksiyalari doirasida biznes jarayonlar (BPR) tahlili amalga oshirildi. Shuningdek, tadbirkorlar, soha mutaxassislari va xorijiy ekspertlar bilan intervyular o‘tkazilib, ularning fikr-mulohazalari, takliflari o‘rganildi. Tahlillar sohada bir qator tizimli muammolar mavjudligini ko‘rsatdi. Jumladan, 2025-yil davomida aholi va tadbirkorlar tomonidan qurilish sohasida taqdim etilgan 17 ta davlat xizmati arizalarining 27 foizi rad etilgan. Tanlov asosida o‘rganilgan arizalarning 12,5 foizi asossiz rad etilgani esa maʼmuriy jarayonlarda kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi.
Bu holat maʼmuriy jarayonlarning ortiqcha murakkabligi (6 bosqichgacha), ruxsat olish muddatlarining uzoqligi (3–12 oy), obyektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlarni olish jarayonlarining shaffof emasligi, qaror qabul qilishda inson omilining yuqoriligi kabi tizimli kamchiliklarni namoyon qildi.
Ushbu muammolar tadbirkorlarning ortiqcha ovoragarchiligi ortishiga, qurilish jarayonlari sekinlashishiga hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarning kuchayishiga sabab bo’lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qurilish sohasida natijaga asoslangan boshqaruvni joriy etish hamda sohada davlat xizmatlarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–104-son Farmoni bilan qurilishga ruxsat olishda tadbirkorlarning xarajatlarini 2 barobargacha qisqartirish va sohada sun’iy intellektni joriy etish va davlat xizmatlarini ko‘rsatishgda inson omilini kamaytirish asosiy maqsad sifatida belgilandi.
“Fast-track” bosqichlar: vaqt va xarajatlarni qisqartirish
Qurilish sohasidagi eng katta yo‘qotishlar vaqt bilan bog‘liq. Loyihalashtirish va qurilish jarayonlarini qatʼiy ketma-ketlikda amalga oshirish amalda 3–9 oylik kechikishlarga olib kelmoqda.
Shu bois, ayrim obyektlar uchun bosqichma-bosqich (“fast-track”) usulni joriy etish, ruxsat berish bosqichlarini 6 tadan 1 taga qisqartirish (qurilishga ruxsatnoma va ART xizmatini birlashtirish), binoning konstruksiyasi, zilzilaga bardoshligi va yong‘in xavfsizligiga taʼsir qilmaydigan o‘zgarishlar bo‘yicha loyihalarni shaharsozlik ekspertizasidan o‘tkazishda hududiy kengashlar bilan qayta kelishish amaliyotini bekor qilish, davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun qo‘shimcha muddat berish, shaharsozlik kengashi bilan kelishiladigan tashkilotlar sonini qisqartirish kabi choralar loyihalarni amalga oshirish muddatini kamida 30–40 foizga qisqartirish imkonini beradi.
Farmonga ko‘ra qurilish sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun qo‘shimcha 5 ish kuni berilishi hamda binoning konstruksiyasi, mustahkamligi va yong‘in xavfsizligiga ta’sir qilmaydigan, quvvati va maqsadi o‘zgarmagan holda shaharsozlik normalariga zid bo‘lmagan loyihadagi rejaviy tuzilish (planirovka)da o‘zgarishlar mavjud bo‘lganda ushbu bino loyihasini shaharsozlik ekspertizasidan o‘tkazishda loyiha hujjatlarini hududiy kengashlar bilan qayta kelishish amaliyoti bekor qilinishi belgilandi.
Inson kapitali: doimiy malaka oshirish orqali institutsional salohiyatni oshirish
Qurilish va shaharsozlik sohasidagi islohotlarning samaradorligi ko‘p jihatdan rahbar kadrlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalariga bog‘liq. Amalda esa hududiy darajadagi rahbarlarda raqamlashtirish, loyihalarni boshqarish va zamonaviy shaharsozlik yondashuvlari bo‘yicha amaliy tajriba yetishmayotganligi kuzatilmoqda. Bu esa, loyiha hujjatlarining sifatsiz tayyorlanishiga hamda mahalliy loyiha va pudrat tashkilotlarining xalqaro tenderlardagi ishtirokiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.
Shu bois, qurilish-arxitektura yo‘nalishida Yevropaning ilg‘or Sapiyensa (Italiya) va Vena (Avstriya) universitetlari bilan hamkorlikda qo‘shma taʼlim dasturlarini tashkil etish, tuman (shahar) bo‘linmalari hamda loyiha tashkilotlari kadrlarini rivojlangan davlatlarga stajirovkaga yuborish va ularning yangi bilim hamda ko‘nikmalarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tizim yaratish muhim ahamiyatga ega.
Farmonga ko'ra, Boshqaruv samaradorligi agentligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi va Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi 2026 yil yakuniga qadar markaziy apparat va tizim tashkilotlari xodimlari hamda loyiha tashkilotlari mutaxasssislari uchun shaharsozlik, arxitektura va qurilish sohasi rivojlangan ilg‘or xorijiy davlatlarda stajirovkalarni tashkil etish belgilandi. Bunda, stajirovka dasturining aniq maqsad va natijalarga yo‘naltirilganligi, amaliy ko‘nikmalarga ustuvorlik berilganligi, olingan tajribani mahalliy sharoitga moslashtirish hamda stajirovka yakunida amaliyotga joriy etish rejalarini ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratilishi qayd etilgan.
Xalqaro tajriba: raqamlashtirish — hal qiluvchi omil
Xalqaro tajriba qurilish sohasida samaradorlikni oshirishda raqamlashtirish hal qiluvchi omil sifatida namoyon bo‘layotganini ko‘rsatmoqda. Misol uchun, Turkiyada ruxsat berish jarayonlari 1–3 oyda yakunlanadi, Koreyada Seumter platformasi orqali barcha kelishuvlar 20 kun ichida amalga oshiriladi. Bu tajriba O‘zbekistonda “bitta ariza — bir to‘lov” tamoyili asosida texnik shartlarni olish hamda arizalarni onlayn monitoring qilish tizimini joriy etish hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatishda sunʼiy intellektni joriy etish zarurligini ko‘rsatadi.
Hujjatga asosan 2026-yil 1-iyuldan obyektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulashni “bitta ariza – bir to‘lov – barcha ulanish nuqtalari” tamoyili asosida kompozit shaklda amalga oshirish hamda obyektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlarni berish jarayonlari bosh reja raqamlashtirilgan aholi punktlarida to‘liq inson omilisiz amalga oshiri bo‘yicha tartib belgilandi.
Muammolar diagnostikasi va yechimini kutayotgan masalalar
Sohada islohotlar natijadorligiga salbiy taʼsir ko‘rsatayotgan jarayonlarning to‘liq raqamlashtirilmagani, maʼlumotlar integratsiyasining yetarli emasligi, kadrlar salohiyatining cheklangani, normativ-huquqiy bazaning amaldagi talablarga moslashuvchan emasligi kabi muammolar saqlanib qolmoqda.
Taklif etilgan chora-tadbirlarning to‘liq amalga oshirilishi natijasida ruxsat berish muddatlari 7 barobarga qisqaradi, investitsiyalar hisobiga qurilish jarayonlarini parallel ravishda olib borish orqali loyihalarni ishga tushirish jadallashadi hamda davlat xizmatlarida sun’iy intellektning joriy etilishi inson omilini kamaytirib, arizalar monitoringi orqali sohada shaffoflik va hisobdorlikning ortishiga xizmat qiladi.
“Qurilish sohasida natijaga asoslangan boshqaruvni joriy etish hamda sohada davlat xizmatlarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon qurilish sohasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, aholi va tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni soddalashtirish, shuningdek, mavjud byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Mazkur hujjat qurilish sohasini tubdan isloh qilish jarayonida asosiy e’tiborni ma’muriy tartib-taomillarga emas, balki aniq va o‘lchab bo‘ladigan yakuniy natijalarga qaratilgan boshqaruv tizimini shakllantirishga yo‘naltirgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning o‘zaro uyg‘un va yaxlit mexanizm sifatida amalga oshirilishi, natijaga asoslangan boshqaruv modelining joriy etilishi nafaqat qurilish sohasining sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishiga, balki davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish va uning samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim strategik qadam hisoblanadi.
Sardor Abdullayev,
Iqtisodiyot, qurilish va transport yo‘nalishlarida davlat xizmati va boshqaruv samaradorligini rivojlantirish boshqarmasi bosh inspektori, iqtisodiyot fanlari doktori (PhD)
