Davlat fuqarolik xizmatchisining xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishi uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratishga qaratilgan qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi
2026-06-09 17:05:00 / Yangiliklar

Davlat fuqarolik xizmatchisining xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishi uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratishga qaratilgan qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Qonun loyihasi bilan:
davlat xizmatchisi xorijiy oliy ta’lim muassasasiga magistratura yoki doktoranturaga o‘qish bo‘yicha grant yutganda, ish beruvchining yozma roziligi asosida uning ish o‘rni (lavozimi) saqlanishi taklif etilmoqda, bunda ish beruvchi tomonidan rozilik berishda o‘quv dasturining yo‘nalishi ushbu davlat organi faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lishini inobatga olish nazarda tutilmoqda;
o‘quv dasturi yakunlangandan so‘ng davlat fuqarolik xizmatchisi zimmasiga tegishli davlat organi tizimida xorijda tahsil olish davriga teng muddatga ishlab berish majburiyati ham yuklanmoqda;
davlat fuqarolik xizmatchisining xorijda o‘qish davri uning mehnat stajiga qo‘shib hisoblanishi, ko‘p yillik xizmati uchun har oylik ustama belgilashda inobatga olinishi ham aks etmoqda.
Muhokamalar davomida qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida mas’ul qo‘mita tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilgani, jumladan, siyosiy partiyalar fraksiyalarining takliflari asosida hujjat matni yanada takomillashtirilib, maromiga yetkazilgani qayd etildi.
Qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.


