AGROXIZMATLAR TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH — QISHLOQ XO‘JALIGI SAMARADORLIGINING MUHIM OMILI
2026-06-11 09:05:00 / Yangiliklar
Mamlakatimizda barcha sohalar qatori agrar tarmoqda ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Qishloq xo‘jaligi nafaqat milliy iqtisodiyotning muhim tarmog‘i, balki aholi bandligi, oziq-ovqat xavfsizligi, eksport salohiyati va hududlarning barqaror rivojlanishini ta’minlovchi strategik yo‘nalish sifatida davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylangan.
Shu nuqtai nazardan, fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligining boshqa subyektlariga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari tizimini takomillashtirish, ularning samaradorligi, xizmat ko‘rsatish tezkorligi va shaffofligini oshirish dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, xizmat ko‘rsatishda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, "boshqaruv idoralari odamlar muammosini, ularni qiynayotgan o‘tkir masalalarni o‘z vaqtida va adolatli hal etsa, aholining davlatga nisbatan ishonchi keskin ortadi. Ortiqcha qog‘ozbozlik va byurokratiya esa islohotlar samarasini pasaytirib, xalqning umidini so‘ndiradi".
Xizmatlar sohasida mavjud muammolarni aniqlash, boshqaruv jarayonlarini maqbullashtirish hamda agroxizmatlar tizimini bozor tamoyillari asosida takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda agrosanoat kompleksida fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalariga ko‘rsatilayotgan xizmatlar xatlovdan o‘tkazildi.
Xatlov natijalariga ko‘ra, bugungi kunda agrosanoat majmuasida jami 209 turdagi xizmat ko‘rsatilmoqda. Shundan 106 tasi elektron shaklda, 96 tasi an’anaviy shaklda, 7 tasi esa har ikki shaklda amalga oshirilmoqda. Xizmatlarning 109 tasi respublika, 34 tasi viloyat va bojxona chegara punktlarida, 59 tasi tuman darajasida ko‘rsatiladi. Shuningdek, ayrim xizmatlar so‘rov darajasiga qarab turli bo‘g‘inlarda amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-noyabrdagi PF-224-son Farmon asosida joriy yilning 1-yanvaridan boshlab, 4 ta vazirlik va idoraga tegishli 52 turdagi xizmatlar Agrar sohada to‘lovlar agentligiga o‘tkazildi hamda 23 turdagi subsidiya va xizmatlar bekor qilindi. Bu esa, davlat xizmatlarini maqbullashtirish va ortiqcha ma’muriy jarayonlarni qisqartirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Tahlillarga ko‘ra 2024–2025-yillarda davlat organlari va tashkilotlariga ko‘rsatilayotgan agroxizmatlar bo‘yicha 85,9 milliondan ortiq murojaat kelib tushgan. Bu qishloq xo‘jaligida davlat xizmatlariga ehtiyoj juda yuqori ekanligini anglatadi. Biroq, 13 mingdan ortiq murojaatning rad etilganligi ayrim xizmatlarda ortiqcha byurokratik talablar va murakkab tartib-taomillar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.
Xususan, raqamli shaklda ko‘rsatish imkoniyati mavjud bo‘lgan 20 turdagi xizmat hozirgacha an’anaviy shaklda amalga oshirilmoqda. Ular orasida sertifikatlashtirish, yer munosabatlari, qishloq xo‘jaligi reyestri, sohaviy loyihalar va urug‘chilikni rivojlantirish bilan bog‘liq xizmatlar mavjud. Bu xizmatlarni raqamlashtirish, eng avvalo, inson omilini qisqartirish, ortiqcha sansalorlikning oldini olish, korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish hamda fermerlar uchun vaqt va mablag‘ni tejash imkonini beradi. Qolaversa, elektron xizmatlar dehqon va fermerlar hamda qishloq aholisi uchun davlat xizmatlaridan kengroq foydalanish imkoniyatini yaratadi.
Agrar sohada xususiy sektor ishtirokini kengaytirish ham bugungi kunning muhim talablaridan biri hisoblanadi. Tahlillarga ko‘ra, xususiy subyektlar tomonidan samarali ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan 13 turdagi xizmat hozirda davlat sektorida saqlanib qolmoqda. Texnika ta’minoti, sertifikatlashtirish, meva-sabzavotchilikni rivojlantirishga oid va fumigatsiya xizmatlarini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish orqali raqobat muhitini kuchaytirish mumkin.
Bu esa, o‘z navbatida, xizmat sifati va tezkorligini oshirish, sohaga investitsiyalar jalb qilish hamda yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi. Eng muhimi, fermer va tadbirkorlar uchun xizmat ko‘rsatishda bozor tamoyillari kengayib, sog‘lom raqobat shakllanadi.
Yana bir muhim masala — xizmat ko‘rsatishda normativ-huquqiy bazani to‘liq shakllantirish zarur. Amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan 60 turdagi xizmat tegishli qonunosti hujjatlari qabul qilinmaganligi sababli hozirgacha to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan. Jumladan, Respublika agroxizmatlar markazida 44 ta, ilmiy-tadqiqot institutlarida 12 ta, qishloq xo‘jaligi vazirligida 1 ta, Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tizimida 3 ta xizmat to‘liq tatbiq etilmagan.
Bu holat sohada institutsional islohotlarni yanada chuqurlashtirish, huquqiy mexanizmlarni yanada takomillashtirish va xizmat ko‘rsatish reglamentlarini tasdiqlashni talab etmoqda.
Shu bilan birga, ayrim xizmatlar bo‘yicha qaror qabul qilish jarayonlari markazlashgan holda saqlanib qolmoqda. Xususan, 8 turdagi xizmat bo‘yicha yakuniy hujjatlar respublika darajasida rasmiylashtiriladi. Bu esa hududlarda ortiqcha vaqt sarfi va xarajatlarni keltirib chiqarmoqda.
Bugungi islohotlar sharoitida davlat boshqaruvini nomarkazlashtirish, vakolatlarni hududlarga bosqichma-bosqich berish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu orqali xizmatlar aholiga yaqinlashadi, qaror qabul qilish jarayonlari tezlashadi va hududlarda mas’uliyat oshadi.
Sohadagi muammolarni hal etish, agroxizmatlar tizimini yanada takomillashtirish maqsadida ishchi guruh tomonidan 20 turdagi xizmatni to‘liq raqamlashtirish, 11 turdagi xizmatni davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish, 2 turdagi xizmatni to‘liq xususiy sektorga o‘tkazish, ayrim xizmatlar bo‘yicha qonunosti hujjatlarini ishlab chiqish, markazlashgan 8 turdagi xizmatni hududlarga bosqichma-bosqich o‘tkazishni nazarda tutuvchi amaliy takliflar ishlab chiqilib, mas’ul vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ularni amaliyotga joriy etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Ushbu chora-tadbirlar nafaqat davlat xizmatlarining sifati va samaradorligini oshiradi, balki agrar sohada zamonaviy boshqaruv tizimini shakllantirishda ham muhim hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, agroxizmatlar tizimini takomillashtirish — bu faqat ma’muriy islohot emas. Avvalo, fermer va tadbirkorlarning manfaatlarini ta’minlash, qishloq aholisi turmush darajasini yaxshilash, raqobatbardosh agrar iqtisodiyotni shakllantirish hamda mamlakatimizda barqaror iqtisodiy o‘sishini ta’minlashga xizmat qiluvchi muhim strategik vazifadir.
Abdulla ABDIYEV, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi bosh inspektori
