O‘zbekiston-Koreya: Davlat boshqaruvida samaradorlikni baholash bo‘yicha xalqaro tajriba almashildi
2026-07-03 17:45:00 / Yangiliklar

Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida Seoul Association for Public Administration (SAPA) bilan hamkorlikda “Chuqur transformatsiya davrida davlat faoliyatini baholash tizimlarining global tajriba almashinuvi va yangi istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya doirasida Boshqaruv samaradorligi agentligi vakillari tomonidan davlat boshqaruvida natijaga asoslangan boshqaruv tizimini joriy etish, davlat xizmatchilari faoliyatini KPI ko‘rsatkichlari asosida baholashning zamonaviy mexanizmlari, ushbu tizimning huquqiy asoslari, raqamli baholash platformalari hamda inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar yuzasidan O‘zbekistonning ilg‘or tajribasi xalqaro ekspertlar, xorijiy professor-o‘qituvchilar va ilmiy hamjamiyat vakillariga taqdim etildi.
Shuningdek, tadbir doirasida Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamda SAPA o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi ilmiy-akademik hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.



