JDS stipendiatlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-07-03 17:00:00 / Yangiliklar

Kadrlar salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha Yaponiya grant dasturi (JDS) doirasida 27-guruh stipendiatlari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda Yaponiya xalqaro hamkorlik markazi (JICE)ning O‘zbekistondagi vakillari, Agentlikning mas’ul xodimlari hamda joriy yilning avgust oyida Yaponiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil olish uchun yo‘l oladigan stipendiatlar ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida mamlakatimizda davlat xizmatini modernizatsiya qilish, istiqbolli va raqobatbardosh kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda ularning salohiyatini izchil rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritildi. Xususan, JDS dasturining davlat xizmatchilarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, zamonaviy boshqaruv tajribalarini o‘zlashtirish hamda davlat boshqaruvi tizimiga ilg‘or yondashuvlarni tatbiq etishdagi muhim o‘rni alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, xorijning yetakchi universitetlarida tahsil olish orqali davlat xizmatchilarining professional salohiyati, strategik fikrlash va tahliliy ko‘nikmalari yuksalishi, orttirilgan bilim va tajribalar esa davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirishga munosib hissa qo‘shishi qayd etildi.
Tadbir davomida JDS dasturining navbatdagi bosqichlari, stipendiatlarning Yaponiyada ta’lim olishi bilan bog‘liq tashkiliy masalalar, shuningdek, loyiha doirasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar bitiruvchilarning o‘qishni tamomlaganidan so‘ng kasbiy moslashuvini qo‘llab-quvvatlash, ularning orttirgan bilim va tajribalaridan davlat xizmatida samarali foydalanish hamda loyiha samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan fikr almashdilar.
Ma'lumot uchun, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig'iga muvofiq Boshqaruv samaradorligi agentligiga davlat xizmatchilari uchun xorijda o'qish imkoniyatini beruvchi xalqaro stipendiya dasturlariga "Milliy hamkor" funksiyasini amalga oshirish yuklatilgan.
Mazkur topshiriq ijrosini ta'minlash doirasida Yaponiya xalqaro hamkorlik markazi “Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar taqdim etish” JDS loyihasi bilan olib boriligan muzokaralar natijasida mazkur loyihaning tashkiliy qo'mitasiga raislik etuvchisi sifatida Boshqaruv samaradorligi agentligi vakili belgilandi.
