O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi uchun yosh talantlar milliy tanlovi ishtirokchilari bilan muloqot tashkil etildi
2026-07-06 17:30:00 / Yangiliklar

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, tegishli vazirlik va idoralar mas’ullari hamda tanlov ishtirokchilari qatnashdi.
Muloqot davomida tanlovning keyingi bosqichlari, xorijiy stajirovkalarni tashkil etish muddatlari va tartibi, ishtirokchilar e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan muhim jihatlar hamda ulardan kutilayotgan natijalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Agentlik direktori U. Xusainov tanlovning ahamiyati, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida zamonaviy bilim, yangicha fikrlash va ilg‘or yondashuvlarga ega iqtidorli yoshlarga bo‘lgan ehtiyoj masalalariga alohida to‘xtaldi. Ishtirokchilarga ishonch bildirib, ular kelgusida soha rivojiga yangi g‘oya va tashabbuslar olib kirishi, xalqaro tajribani o‘zlashtirgan salohiyatli kadrlar sifatida shakllanishi muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, uchrashuvda ishtirokchilar oldida turgan muhim vazifalar, xorijiy tajribani puxta o‘zlashtirish hamda kelgusida egallangan bilim va ko‘nikmalarni mamlakatimiz qishloq va suv xo‘jaligi sohalari rivojiga samarali tatbiq etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Tadbirning ikkinchi qismida ishtirokchilarga stajirovka dasturlarining texnik talablari, ularni tashkil etish joylari va muddatlari hamda keyingi jarayonlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ma’lumot uchun: tanlovning 5 ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha jami 187 ta ariza kelib tushgan. Test, assessment va suhbat bosqichlari yakuniga ko‘ra eng yuqori natijalarni qayd etgan 50 nafar yosh tanlab olindi.
Joriy yilning sentabr oyida 10 nafar ishtirokchi FAO va IFADning Rim shahridagi bosh qarorgohlarida, yana 15 nafar ishtirokchi esa yil yakuniga qadar FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasida stajirovka o‘taydi. Qolgan ishtirokchilar 2027-yil davomida bosqichma-bosqich xalqaro stajirovka dasturlariga jalb etiladi.


