“Raqamli hukumat” tizimi yanada rivojlantiriladi
2026-07-10 09:20:00 / Yangiliklar

“Raqamli hukumat” tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–257-son, 08.07.2026-y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, quyidagilar Yagona integratsiyalashgan raqamli platforma (Platforma)ni joriy etishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib belgilandi, jumladan:
▪️ 2028-yil yakuniga qadar davlat organlarining kamida 5 mingta ma’muriy funksiyasini raqamlashtirish;
▪️ davlat axborot tizimlarini ishlab chiqish va ekspluatatsiya qilish xarajatlarini kamida 30 foizga qisqartirish va boshqalar.
Platforma quyidagilarni ta’minlashga xizmat qiluvchi “Raqamli hukumat” tizimining texnologik elementi hisoblanadi:
▫️ davlat axborot tizimlarini yaratish, rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash va ularning kiberxavfsizligini ta’minlashda yagona arxitektura, standartlar, texnologik va tashkiliy yondashuvlarni qo‘llash;
▫️ qayta foydalaniladigan raqamli komponentlar va servislardan foydalanish orqali davlat axborot tizimlarini ishlab chiqishni tezlashtirish, standartlashtirish va xarajatlarni qisqartirish va boshqalar.
2027-yil 1-yanvardan:
➖ davlat organlari tomonidan ichki hujjat aylanmasi, qarorlar qabul qilish va kelishish hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatish Platforma va uning raqamli komponentlaridan foydalangan holda elektron shaklda amalga oshiriladi;
➖ Platforma doirasida davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari o‘rtasida ma’lumot almashinuvini osonlashtirish maqsadida ochiq integratsiya (Open API) tamoyili joriy qilinadi.
