Davlat xizmatiga tanlovlarda raqamli texnologiyalar qamrovi kengaymoqda
2026-07-16 16:25:00 / Yangiliklar
"O‘zbekiston – 2030" strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar doirasida davlat fuqarolik xizmatidagi bo‘sh ish o‘rinlariga ochiq tanlovlarni tashkil etish hamda nomzodlarni baholash jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, nomzodlarning malaka talablariga muvofiqligini baholash jarayonlarini raqamlashtirish qamrovi 20 foizga yetkazildi.
Bugungi kunda tanlovlarda nomzodlarning:
ma’lumoti (jumladan, ilmiy darajasi);
ish staji;
nogironligi;
test sinovlari natijalari tegishli elektron axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan holda avtomatik tarzda tekshirilmoqda. Bu esa hujjatlarni ko‘rib chiqish jarayonini soddalashtirib, ma’lumotlarning ishonchliligi va aniqligini ta’minlash imkonini bermoqda.
Shuningdek, mazkur yondashuv inson omilini kamaytirish, baholash jarayonlarining xolisligi va shaffofligini ta’minlash, tanlovlarni tezkor va samarali tashkil etishga xizmat qilmoqda. Natijada davlat fuqarolik xizmatiga nomzodlarni saralashda zamonaviy raqamli mexanizmlardan kengroq foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Kelgusida tanlovlarda nomzodlarning malaka talablariga muvofiqligini baholash jarayonlarini raqamlashtirish qamrovini kengaytirish, elektron integratsiyalar sonini oshirish hamda xizmatlar sifatini takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
