Davlat xizmatchilarining uzluksiz malaka oshirish tizimi rivojlantirilmoqda
2026-07-17 09:05:00 / Yangiliklar

"O‘zbekiston – 2030" strategiyasi hamda Prezident farmonlarida belgilangan vazifalar doirasida davlat fuqarolik xizmatchilarining kasbiy salohiyatini oshirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar davom ettirilmoqda.
Joriy yilning o‘zida Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamda uning hududiy filiallarida 5 036 nafar davlat xizmatchisi turli yo‘nalishlarda malaka oshirdi.
Ular orasida Salohiyatli va Istiqbolli kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar, tuman (shahar) hokimlari va ularning o‘rinbosarlari, vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalari rahbarlari hamda kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari xodimlari mavjud.
Shuningdek, Agentlikning edu.bsa.uz masofaviy ta’lim platformasi takomillashtirilib, davlat xizmatchilarining uzluksiz kasbiy rivojlanishida samarali vositaga aylandi.
Bugungi kunga qadar platformada:
➡️150 478 nafar foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan;
➡️312 mingdan ortiq elektron sertifikat taqdim etilgan;
➡️ 2026-yil boshidan buyon 9 ta onlayn kurs orqali 52 ming nafardan ortiq tinglovchi malaka oshirdi.
Iyun oyida platformaga "Ma’muriy tartib-taomillar islohoti" nomli yangi masofaviy o‘quv kursi joylashtirildi. Hozirga qadar ushbu kursni 10 504 nafar tinglovchi muvaffaqiyatli tamomladi.
Bundan tashqari, davlat xizmatida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning rahbarlik salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan 14 ta moduldan iborat yangi masofaviy o‘quv kursi ishlab chiqildi.
Mazkur kursdan 2026-yil 1-iyuldan boshlab foydalanish imkoniyati yaratildi.
