Tibbiyot xodimlari ma’lumotlari hrm.gov.uz platformasi orqali yuritiladi
2026-07-31 15:20:00 / Yangiliklar

Prezidentimizning 2026-yil 5-maydagi tegishli Farmonida tibbiyot xodimlarining ma’lumotlarini hrm.gov.uz elektron platformasi orqali shakllantirish ko‘zda tutilgan. Bu orqali sohada faoliyat yuritayotgan barcha tibbiyot xodimlariga oid ma’lumotlar yagona elektron bazada jamlanadi va inson resurslarini boshqarish jarayoni zamonaviy raqamli yechimlar asosida tashkil etiladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligida tibbiyot muassasalari mas’ul xodimlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan amaliy seminar shu masalaga bag‘ishlandi.
Tadbirda platformaning ishlash tamoyillari, tibbiyot xodimlarini unga kiritish tartibi, tizimdan foydalanish, inson resurslarini boshqarishning zamonaviy yondashuvlari hamda yangi normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi.
Qayd etilganidek, tizim yordamida tibbiyot xodimlari kasbiy faoliyati, malaka darajasi, sertifikatlari, qayta tayyorlash va malaka oshirish natijalari, mehnat faoliyati hamda boshqa muhim ma’lumotlar elektron shakllantiriladi. Bu inson resurslarini boshqarishning zamonaviy, shaffof va samarali modelini amaliyotga tatbiq etish uchun zamin yaratadi.
Qolaversa, yangi platforma sog‘liqni saqlash muassasalarida kadrlar taqsimotini tahlildan o‘tkazish, mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni prognozlash, vakant lavozimlarni monitoring qilish, xodimlar malakasini baholash, boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun zarur statistik va analitik ma’lumotlarni shakllantirish imkonini beradi.
Shuningdek, u orqali tibbiyot xodimlarining hududlar bo‘yicha taqsimoti, vakant ish o‘rinlari, mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj va kadrlar harakati real vaqt rejimida monitoring qilib boriladi.



