Davlat boshqaruvida Big Data va sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha xalqaro seminar-trening boshlandi
2026-08-04 15:50:00 / Yangiliklar

Тadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan, BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Seminarda davlat organlari va mahalliy hokimliklardan ishtirok etayotgan mutaxassislar katta hajmdagi ma’lumotlar (Big Data) tahlili, zamonaviy raqamli vositalar hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan davlat boshqaruvida samarali foydalanish bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarini oshirmoqda.
Uch kunlik dastur davomida ishtirokchilar ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash, tahlil qilish va vizuallashtirish, Power BI hamda Apache Superset platformalarida tahliliy dashboardlar yaratish, shuningdek, sun’iy intellekt vositalarini davlat boshqaruvi jarayonlarida qo‘llash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda qatnashadi. Trening yakunida esa haqiqiy ma’lumotlar asosida tayyorlangan tahliliy yechimlar taqdim etiladi.
Mazkur tashabbus davlat boshqaruvida ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilish madaniyatini rivojlantirish, raqamli transformatsiyani jadallashtirish hamda davlat xizmatlari sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.








