Davlat xizmati uchun xalqaro ta’lim: Imperial College London bilan hamkorlik kengayadi
2026-09-02 16:50:00 / Yangiliklar

Ishchi guruhning Angliyaga xizmat safari doirasida Imperial College London universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha direktori Frank Dalson bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, Imperial College London — dunyoning yetakchi ilmiy-tadqiqot universitetlaridan biri bo‘lib, 1907-yilda Londonda tashkil etilgan.
Universitet “QS” reytingida jahonda TOP-2, Buyuk Britaniya va Yevropada TOP-1 o‘rinni egallaydi.
Universitetning asosiy yo‘nalishlari — sun’iy intellekt va ma’lumotlar tahlili, muhandislik, kiberxavfsizlik, robototexnika, energetika, tibbiyot va sog‘liqni saqlash, matematika va fizika, shuningdek, innovatsiyalar va biznes boshqaruvi.
Muloqot davomida hamkorlikning quyidagi yo‘nalishlari bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi:
▫️joriy yil yakuniga qadar 30 nafar davlat xizmatchisini sun’iy intellekt, muhandislik, elektrotexnika va tog‘-kon yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus o‘quv dasturlariga yuborish;
▫️Yangi Toshkent shahrida Imperial College London filialini ochish hamda davlat xizmatchilarini tayyorlash markazini tashkil etish.
Qayd etilgan masalalarni amalga oshirish maqsadida tomonlar o‘rtasida qo‘shma ishchi guruhi tuziladi hamda tegishli “chora-tadbirlar” dasturi ishlab chiqiladi.





