O‘zbekistonlik davlat xizmatchilari Koreyada zamonaviy HR boshqaruvi tajribasini o‘rganmoqda
2026-09-09 15:15:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining salohiyatini oshirish dasturi” doirasida Koreyada qisqa muddatli dastur tashkil etildi. Unda "Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Farmonda natijaga asoslangan boshqaruv tizimi joriy etilishi belgilangan Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Namangan va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari vakillari ham ishtirok etmoqda.
Tadbir Koreya davlat boshqaruvi instituti (KIPA) tomonidan o‘tkazilib, unda davlat xizmatida inson resurslarini (HR) sertifikatlash tizimini joriy etish, davlat tashkilotlaridagi lavozimlarni tahlil qilish (job analysis) metodologiyasini ishlab chiqish hamda Koreyaning ilg‘or tajribasini O‘zbekiston sharoitida qo‘llash masalalari muhokama qilindi.
Seminar davomida Koreyaning davlat boshqaruvi va inson resurslarini rivojlantirish borasidagi ilg‘or yondashuvlari o‘rganildi. Jumladan:
▫️davlat xizmatida HR sertifikatlash tizimini yo‘lga qo‘yish;
▫️rahbar va istiqbolli kadrlarning bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarini Assesment markazi orqali xolis baholash;
▫️ vazirlik va idoralarda ishga qabul qilishdan tortib xodimlarni baholash va rivojlantirishgacha bo‘lgan HR jarayonlarini takomillashtirish;
▫️ takrorlanuvchi ish jarayonlarini avtomatlashtirish va davlat xizmatlari samaradorligini oshirishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish;
▫️ hududlarda AI, IoT va raqamli yechimlarga asoslangan “Aqlli qishloq” loyihalarini joriy etish.
Mazkur hamkorlik davlat xizmatida professional kompetensiyalarni rivojlantirish, zamonaviy HR boshqaruvini joriy etish va raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish orqali boshqaruv samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Dastur yakunida ishtirokchilar faoliyat sohasini rivojlantirish bo‘yicha taqdimot tayyorlaydi va himoya qiladi.
Ma'lumot uchun, 12-sentyabr kunigacha davom etadigan loyiha Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning moliyaviy ko‘magi asosida tashkil etilmoqda.







