Islohotlar shtabi: Namanganda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati o‘rganilmoqda
2026-09-11 09:50:00 / Yangiliklar

Namangan viloyatida aholi va tadbirkorlik subyektlarini elektr energiyasi, tabiiy hamda suyultirilgan gaz bilan barqaror ta’minlash, kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazishga tayyorgarlik holatini baholash maqsadida Islohotlar shtabi tomonidan o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.
Navbatdagi o‘rganishlar Norin, Uychi, To‘raqo‘rg‘on, Chust va Pop tumanlarida o‘tkazilib, elektr va gaz ta’minoti tizimlarining mavsumga tayyorgarligi, mavjud imkoniyatlar, zaxiralar hamda ehtimoliy muammolar tahlil qilindi.
Jumladan, Norin tumanida elektr ta’minoti tizimi 8 ta nimstansiya, 420 ta transformator punkti hamda turli kuchlanishdagi jami 1 166 kilometrdan ortiq havo tarmoqlari orqali aholi va iste’molchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. Mavsumda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etish uchun 3 ta transformator punkti, 100 metr kabel va 50 kg sim zaxirasi shakllantirilgan.
Uychi tumanida 53 ta mahallada yashovchi 41,4 ming nafar suyultirilgan gaz iste’molchisini barqaror ta’minlash holati o‘rganildi. Gazni belgilangan fond va tasdiqlangan reja-grafik asosida o‘z vaqtida hamda xavfsiz yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan. Uzluksiz ta’minot uchun 7 ta maxsus avtotransport vositasi jalb qilinib, 780 ta aylanma zaxira maishiy gaz balloni shakllantirilgan.
To‘raqo‘rg‘on, Chust va Pop tumanlarida elektr ta’minoti tarmoqlari hamda ijtimoiy soha obyektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi ko‘zdan kechirildi. Elektr qurilmalari va uzatish tarmoqlarining mavsum davomida me’yoriy holatda ishlashini ta’minlash maqsadida joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, mukammal ta’mirlash ishlari davom ettirilmoqda.
Xususan, To‘raqo‘rg‘on tumanida 6 ta transformator punkti, 100 metr kabel va 100 kg sim zaxirasi yaratilgan. Suyultirilgan gaz ta’minoti uchun 7 ta maxsus avtotransport vositasi jalb qilinib, 760 ta aylanma zaxira maishiy gaz balloni tashkil etilgan.
Chust tumanida aholi va tadbirkorlarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida 3 ta transformator punkti, 300 metr kabel va 150 kg sim zaxirasi shakllantirilgan.
O‘rganishlar yakunida elektr va gaz ta’minoti barqarorligini ta’minlash, mavjud zaxiralardan samarali foydalanish, avariyaviy holatlarning oldini olish, ijtimoiy soha obyektlarining uzluksiz faoliyatini ta’minlash hamda aniqlangan kamchiliklarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha choralar belgilandi.
Islohotlar shtabi tomonidan hududlardagi amaliy holatni tizimli o‘rganish va aniqlangan masalalarni joyida hal etishga qaratilgan ishlar davom ettiriladi.





