Inson resurslarini rejalashtirish bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi
2026-10-07 08:45:00 / Yangiliklar

Boshqaruv samaradorligi agentligi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamkorligida Namangan viloyatida davlat organlarida inson resurslarini rejalashtirish tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirda davlat organlari va tashkilotlarining inson resurslarini boshqarish uchun mas’ul xodimlari ishtirok etib, kadrlar salohiyatini rivojlantirish, ijobiy ish muhitini shakllantirish hamda inson resurslarini samarali rejalashtirish bo‘yicha amaliy yondashuvlar muhokama qilindi.
Inson resurslarini strategik rejalashtirish loyihasi 2024-yilda boshlangan bo‘lib, dastlab Tog‘-kon va geologiya vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligida sinovdan o‘tkazildi.
Sinov natijalari asosida ishlab chiqilgan namunaviy yo‘riqnoma takomillashtirilib, bugungi kunga qadar 18 ta vazirlik va idorada inson resurslarini strategik rejalashtirish tizimi joriy etildi.
Loyihaning keyingi bosqichida tizimni boshqa vazirlik va idoralar, shuningdek, hududiy boshqaruv organlarida keng joriy etish, uni raqamlashtirish va amaliyotga mos mexanizmlar bilan boyitish maqsad qilingan.
Tadbir davomida inson resurslarini rejalashtirishning davlat organlari faoliyati samaradorligiga ta’siri, kadrlarni to‘g‘ri tanlash va rivojlantirish, rahbarlarning roli hamda natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv madaniyatini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir ishtirokchilariga inson resurslarini rejalashtirish tizimini amaliyotga samarali tatbiq etish bo‘yicha fikr va takliflarini bildirish, o‘zaro tajriba almashish imkoniyati yaratildi.



