Kasbiy ta’limning yangi modeli: xalqaro tajriba va amaliyot uyg‘unligi
2026-10-08 15:30:00 / Yangiliklar

Avstriyaning Krems Amaliy fanlar universiteti (IMC Krems) rektori Dr. Heinz Boyer va Universitet ijrochi direktori Dr. Udo Brändlening O‘zbekistonga tashrifi doirasida Buxoro turizm va madaniy meros texnikumi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Bunda ta’lim dasturlari, o‘quv jarayonini tashkil etish, moddiy-texnik baza, zamonaviy o‘quv ustaxonalari va laboratoriyalar ko‘zdan kechirildi.
Texnikumning mutaxassislarni amaliy tayyorlash tizimi, o‘quvchilarda kasbiy kompetensiyalarni shakllantirish hamda ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlari bilan tanishildi.
Ishchi uchrashuv davomida hamkorlikni kasbiy ta’limning ustuvor yo‘nalishlari asosida yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, institutsional hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro standartlar asosida ta’lim dasturlarini takomillashtirish, o‘qituvchi va o‘quvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, amaliy va dual ta’limni kengaytirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlik doirasida istiqbolda ta’lim muassasalari salohiyatini oshirish, pedagoglarning malakasini rivojlantirish, xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish va zamonaviy ta’lim dasturlarini joriy etishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Asosiy maqsad — xalqaro tajriba va ilg‘or ta’lim yondashuvlari asosida mehnat bozori talablariga javob beradigan, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash.
Ma'lumot uchun, 2026-yil 7-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi, Kasbiy ta’lim agentligi hamda IMC Krems o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi.









