Koreyadagi vatandoshlar bilan muloqot: yangi investitsiya loyihalari va istiqbolli hamkorlik
2026-10-11 13:40:00 / Yangiliklar

Ishchi guruhning Koreyaga xizmat safari doirasida vatandoshlar ishtirokida muloqot tashkil etildi. Unda hududlarda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ishlab chiqarishni rivojlantirish va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan istiqbolli tashabbuslar muhokama qilindi.
Muloqot davomida hududlardagi investitsiya loyihalari, kadrlar salohiyati, boshqaruv samaradorligi hamda hududlarni rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
▫️“Korea Cosmetics CIS” kompaniyasi asoschisi U. Kadirov tomonidan Toshkent viloyatida Koreya texnologiyalari asosida kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish tashabbusi bildirildi.
Ma’lumot uchun, kompaniya kosmetika mahsulotlarini AQSh, MDH va Yevropa mamlakatlariga eksport qiladi.
▫️HM Group kompaniyasi asoschisi X. Mahmudov va Nursaid Co kompaniyasi asoschisi N. Sharipbayev tomonidan Namangan viloyati Davlatobod tumanida “Namangan avtotransport – erkin savdo zonasi”ni tashkil etish taklifini ilgari surildi.
Loyiha doirasida Koreya va boshqa davlatlardan avtomobillar olib kelish, ularni ta’mirlash va qayta jihozlash hamda qo‘shni davlatlarga eksport qilish rejalashtirilgan. Natijada 1 500 ta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Ma’lumot uchun, HM Group va Nursaid Co Koreyada avtomobillar savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik tadbirkorlik subyektlari hisoblanadi.
▫️X-Sight Inc. kompaniyasi direktori A. Palvanov o‘zi ishlab chiqqan avtonom multispektral monitoring tizimi orqali sanoat xavfsizligi, qo‘riqlash hamda muhim infratuzilma obyektlarida uzluksiz nazoratni yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi.
Mazkur tizim bitta kamera yordamida taxminan 30 km² gacha bo‘lgan hududni kuzatish imkonini beradi. U O‘zbekistondagi ko‘chalardan birida 24/7 rejimida ishlaydigan pilot loyiha sifatida tizimni o‘rnatish va ishga tushirishga tayyorligini ma’lum qildi.
▫️“LS Electric” kompaniyasining EMEA bo‘limi menejeri M. Isomova xorijliklarni O‘zbekiston bilan yaqindan tanishtirish maqsadida “GLOBAL UZBEKISTAN” platformasini yaratish tashabbusini ilgari surdi.
Platformada kundalik turmush, bozorlardagi narx-navolar, milliy taomlar, urf-odatlar va boshqa xorijliklarni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni qisqa va tushunarli shaklda taqdim etish taklif qilindi.
▫️Pusan shahrida faoliyat yuritayotgan dasturiy ta’minot muhandisi Sh. Muxtorxonov esa Koreyaning Tourism Data Lab tajribasi asosida O‘zbekistonda milliy turizm ma’lumotlari platformasini yaratish taklifini bildirdi.
Ushbu platformada mamlakatga tashrif buyurayotgan xorijiy sayyohlar soni, ular tashrif buyurgan obyektlar, turizm yo‘nalishlari, shuningdek, turli xizmatlar va mahsulotlarga sarflanayotgan mablag‘lar haqidagi ma’lumotlarni jamlash ko‘zda tutiladi.
Bundan tashqari, turizm sohasida mablag‘larning bir nuqtadan ikkinchi nuqtaga xavfsiz va kafolatli yetib borishini ta’minlashga xizmat qiluvchi “ESKROU” tizimini joriy etish taklifi ham ilgari surildi.
Mazkur muloqot Koreyada faoliyat yuritayotgan vatandoshlarning tajribasi, tadbirkorlik salohiyati va xalqaro aloqalarini O‘zbekiston hududlarini rivojlantirishga yo‘naltirish, yangi investitsiyalarni jalb qilish hamda aholi bandligini oshirish uchun muhim imkoniyat yaratadi.



