Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash bo‘yicha to‘rt kunlik trening yakunlandi
2026-10-23 11:00:00 / Yangiliklar
Toshkent shahrida 19–22-oktabr kunlari “Davlat mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash hamda tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish” mavzusida tashkil etilgan to‘rt kunlik trening o‘z yakuniga yetdi.

Treningda davlat organlari va tashkilotlarining mas’ul xodimlari, HR-mutaxassislari hamda hududiy nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
O‘quv dasturi davomida ishtirokchilar gender tengligini ta’minlash, mehnat munosabatlarida tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, xodimlar huquqlarini himoya qilish, murojaatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish tartibi, jabrlangan shaxslar bilan xavfsiz va hurmatga asoslangan muloqot olib borish bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirdilar.
Shuningdek, amaliy mashg‘ulotlar, vaziyatli topshiriqlar va keys-simulyatsiyalar orqali tazyiq va zo‘ravonlik holatlariga munosabat bildirish, murojaatlarni baholash hamda tegishli choralarni belgilash algoritmlari o‘rganildi.
Yakuniy marosimda ishtirokchilarning bilimlari baholanib, treningni muvaffaqiyatli tamomlagan 90 nafar trenerlarga sertifikatlar topshirildi.
Kelgusi haftadan boshlab tayyorlangan trenerlar hududlarda mahalliy trenerlarni tayyorlashga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlarini boshlaydilar.








