Hududlarda xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash bo‘yicha treninglar boshlandi
2026-10-27 09:00:00 / Yangiliklar

Respublika bo'ylab “Davlat mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash hamda tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish” mavzusidagi treninglar boshlandi.
O'quv-treninglar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Davlat xizmatida inson kapitalini rivojlantirish loyihalar ofisi muvofiqlashtiruvi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA), Buyuk Britaniya hukumati, Osiyo taraqqiyot banki ko‘magi hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, viloyat hokimliklari bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Poytaxtda tashkil etilgan treninglarni muvaffaqiyatli tamomlab, sertifikatlarga ega bo'lgan 90 nafar trenerlar tomonidan hududlarda mahalliy trenerlarni tayyorlashga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlari o'tkazilmoqda.
O‘quv dasturi davomida ishtirokchilar gender tengligini ta’minlash, mehnat munosabatlarida tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, xodimlar huquqlarini himoya qilish, murojaatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish tartibi, jabrlangan shaxslar bilan xavfsiz va hurmatga asoslangan muloqot olib borish bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshiradilar.
Shuningdek, amaliy mashg‘ulotlar, vaziyatli topshiriqlar va keys-simulyatsiyalar orqali tazyiq va zo‘ravonlik holatlariga munosabat bildirish, murojaatlarni baholash hamda tegishli choralarni belgilash algoritmlari o‘rganiladi.
Ma'lumot uchun, mashg'ulotlar 4 kun davom etadi.






