Xorazm viloyatining investitsiyaviy salohiyati va suv resurslaridan oqilona foydalanishga oid hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2026-10-27 09:40:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi direktori v.b. U.Xusainov, Xorazm viloyati hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari A.Davletov hamda hokimning turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.Saidov Buyuk Britaniyaning “Moneff” kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Sanjar Mavlyanov, Koreya Respublikasining Yoon Young Trading Co., Ltd. kompaniyasi rahbari Choy Yun Yon, Vengriyaning Lyudovika Davlat xizmati universiteti xalqaro aloqalar bo‘yicha bosh direktori Liliana Śmiech, “Korea Cosmetics CIS” kompaniyasi asoschisi Ulug‘bek Qodirov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Xorazm viloyatining investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy salohiyati, mavjud imkoniyatlar hamda istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.
Muloqot davomida investitsiyalarni jalb etish, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va suv resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan qator yo‘nalishlar muhokama qilindi:
▫️ Xorazm viloyatida mehmonxonalar qurish uchun investitsiya maydonlarini aniqlash hamda elektr stansiyalarini barpo etish imkoniyatlari;
▫️ zamonaviy ma’lumotlarni qayta ishlash markazini tashkil etish istiqbollari;
▫️Urganch va Xiva shaharlarida Koreya texnologiyalari asosida ishlab chiqarilgan kosmetika mahsulotlari savdo maydonlarini tashkil etish;
▫️ iqlim o‘zgarishi oqibatlarini hisobga olgan holda suv va energetika resurslaridan oqilona foydalanish, ushbu yo‘nalishdagi mutaxassislarni Lyudovika Davlat xizmati universiteti tajribasi asosida o‘qitish va malakasini oshirish imkoniyatlari.
Uchrashuv yakunida tomonlar bildirilgan takliflarni batafsil o‘rganish, o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash hamda istiqbolli tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.


