11-noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni
2026-11-11 09:20:00 / Yangiliklar

Hurmatli kasaba uyushmalari faollari va tizim xodimlari!
Sizlarni 11-noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni bilan samimiy muborakbod etamiz!
Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida inson qadrini ulug‘lash, mehnat munosabatlarini takomillashtirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish va har bir fuqaro uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu vazifalarni amalga oshirishda kasaba uyushmalari davlat va jamiyat o‘rtasidagi ijtimoiy muloqotning muhim ishtirokchisi hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, davlat fuqarolik xizmatining jozibadorligini oshirish, xizmatchilar uchun munosib mehnat sharoiti va ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Samarali davlat boshqaruvi ham, avvalo, o‘z mehnatidan manfaatdor, huquqlari himoyalangan, munosib sharoitda faoliyat yuritayotgan malakali kadrlarga tayanadi. Davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnat huquqlarini ta’minlash, kasbiy va ijtimoiy manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash ham umumiy islohotlar samaradorligiga xizmat qiladi.
Ushbu sana munosabati bilan kasaba uyushmalari tizimida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy xotirjamlik, kasbiy faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, yangi tashabbus va rejalaringizni amalga oshirishda kuch-g‘ayrat tilaymiz!
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
